Tomorqachi tajribasi ommalashadi
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi Tinchlik mahallasida tomorqasidan daromad olayotgan sohibkorlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ulardan biri 20 sotix tomorqasidan har yili 100 million so‘mdan ziyod daromad olayotgan Said Hamroqulov.
Kuni kecha uning xonadonida amaliy seminar o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, viloyat, tuman sektorlari rahbarlari, tijorat banklari boshqaruvchilari, tomorqachilar, mahalla raislari va hokim yordamchilari ishtirok etdi.
Xonadon egasi erta bahorda 15 sotix yerga 50 ming dona terakning “O‘zbekiston” navi qalamchalarini qadagan. Shuningdek, 5 sotixda birinchi ekin sifatida pomidor va bodring yetishtirib, bugungi kunda ularning o‘rniga bulg‘or qalampiri va loviya ekkan. Uchinchi ekin sifatida esa sholg‘om, turp va sarimsoqpiyoz ekishni rejalashtirgan.
Said Hamroqulovning mahsulotlarni almashlab ekish va qalamchalardan terak ko‘chati yetishtirish tajribasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Viloyat hokimi ushbu tajribani “Boyovut tajribasi” sifatida qolgan hududlarda ham tatbiq etish lozimligini ta’kidladi. Mahalla tizimida faoliyat yuritayotgan mas’ullarni bu borada faol bo‘lishga chaqirdi.
[gallery-13179]
Sh.Suyarov,
Sh.Ortiqboyev (surat), O‘zA