Tomorqa yer egalari qo‘llab-quvvatlanmoqda
Mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2023 yil 31 yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Ayni paytda yurtimizda 3 mingdan ortiq “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyat yuritmoqda. Bu korxonalar agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish va aholi tomorqalarida mahsulotlarni yetishtirish uchun zarur texnikalarni yetkazib berish, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olish, qayta ishlash, shu bilan birga eksport qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan bugungi kunga qadar “Tomorqa xizmati” MCHJlarni moliyalashtirish uchun 407 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. Ushbu mablag‘lar ko‘chatchilik issiqxonasi, qishloq xo‘jaligi texnikalari, yuk saqlash va sovitkichli omborxonalar, urug‘, ko‘chat, o‘g‘it, kimyoviy vositalar do‘koni, ixcham issiqxonalar qurish, mevani quritish va qayta ishlash sexlari, inkubator, sun’iy qochirish punkti kabi yo‘nalishlarda foydalanilgan.
Tomorqa yer egalariga ajratilgan mablag‘lar evaziga 16725 nafar tomorqa yer egalariga ajratilgan 320,4 milliard so‘m imtiyozli kreditlar natijasida, 4546 ta xonadonda jami 81,6 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan bo‘lsa, 6448 xonadonda 62,8 ming boshdan ortiq zotdor qo‘y, 1174 xonadonda esa 3804 qoramol, 2200 xonadonda 425 mingdan ortiq zotdor parranda, 620 xonadonda 11200 dan ortiq asalari qutilari, 212 xonadonda 10,9 mingdan ortiq quyon, 415 fuqaro tomonidan salkam 700 ta motokultivator sotib olingan
Prezidentimizning 2023 yil 12 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan quritish sexi va sovitkichli omborxonalarni xarid qilishga 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar ushbu maqsadlar uchun 20 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Tomorqalarda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun Jamg‘arma tomonidan xorijdan tomorqada ishlashga mo‘ljallangan mingdan ortiq minitexnika va asbob-uskunalar fuqarolar va “Tomorqa xizmati” ga yetkazib berildi. Shu bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarni yanada kengaytirish maqsadida Respublika hududlarida jamg‘arma xodimlari tomonidan seminar hamda treninglar o‘tkazilmoqda.
Inomjon JAYNAROV,
Ma’rufjon O‘ROZOV,
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini
qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mutaxassislari
O‘zA