Tom maʼnoda yangilanayotgan Sardoba
Joriy yilning 1-may kuni “Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatida Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridan 89 ming 450 nafar aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan edi.
Joriy yilning 1-may kuni “Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatida Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridan 89 ming 450 nafar aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan edi.
Bugungi kunga qadar ularning 80 ming 64 nafari, yaʼni 89,5 foizi uylariga qaytarildi. Qolgan 8 ming 199 nafar aholi evakuatsiya davrida koʻchirilgan hududlarda vaqtincha yashamoqda. Maʼlumotlarga koʻra, ularga hududda qurilayotgan koʻp qavatli turar-joylardan xonadonlar ajratilgan.
Ishchi guruhlar tomonidan talafot koʻrgan hududlarda olib borilgan oʻrganishda 4 ming 710 ta xonadonga zarar yetgani, jumladan, 2 ming 211 tasi yaroqsiz, 2 ming 499 tasi esa taʼmirtalab holatda ekanligi aniqlangandi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan zarar koʻrgan hududlarni qisqa muddatda taʼmirlab, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar tomonidan taʼmirlash ishlariga 170 ga yaqin texnika, 670 dan ortiq pudratchi korxona va 2 ming 500 nafarga yaqin quruvchi-mutaxassis jalb qilindi, – dedi Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Zafar Mirrahimov.
– Sardoba tumanidagi Yurtdosh mahallasida namunaviy loyiha asosida qurilgan 48 ta uy, 6 ta xizmat uyi kapital taʼmirlandi. Doʻstlik mahallasida 275 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti va 660 oʻrinli umumtaʼlim maktabi binosi qurilmoqda. Shuningdek, har biri 500 oʻringa moʻljallangan 3 ta masjid barpo etilmoqda. Zarar koʻrgan 7 ta qabristonda taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi. Davlat xizmatlari agentligi tomonidan fuqarolarning yoʻqolgan va zarar koʻrgan jami 8 ming 239 ta hujjati qayta tiklab berildi.
Ayni paytda Sardoba tumanida olib borilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan tanishdik. “Doʻstlik” MFYning obod, ravon koʻchalari bizni 81 yoshli Javlon bobo Joʻrayev hovlisi tomon boshladi. Javlon bobo bizni taʼmirdan chiqqan uyiga taklif qildi.
– Oʻsha mashʼum voqea yuz bergan vaqtda barchamiz katta yoʻl tomonga qarab yurdik, – deya xotirlaydi Javlon bobo. – Uydan hech narsani olib ketishning imkoni yoʻq edi. Jonimiz omon qolganiga shukr qilib, Zafarobod tumanidagi ukamning uyiga bordik. Oʻn xoʻjalik oʻsha yerda maʼlum vaqt yashadik. Bu falokat biz uchun katta sinov boʻldi. Oradan maʼlum vaqt oʻtib, ikkinchi oʻgʻlim uyimizni koʻrib ketdi. U yerda yashab boʻlmaydi, imoratni qaytadan koʻtarish kerak, dedi.
Qadrdon joydan ketib boʻladimi? Qishgacha hech boʻlmasa bir xonasini boʻlsa ham taʼmirlab olmoqchi edik. Boshimizga tushgan bu sinov boshqalarni ham eʼtiborsiz qoldirmadi. Prezidentimiz yordami bilan qisqa vaqt ichida uyimiz qayta taʼmirlandi. 40 million soʻmlik moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalar berildi. Mahallamizda yigirma yildan buyon tabiiy gaz yoʻq edi. Uni ham ulab berishdi. Ishonavering, uyimiz oldingidan ham fayzli boʻldi. Shundoqqina yonimizda, qishloqning qoq oʻrtasida kattagina shaharcha qurildi.
Doʻstlik mahallasida qisqa vaqt ichida 37 ta 5 qavatli uy-joy qad rostladi. 34 gektar maydonda barpo etilgan ushbu shaharchadagi koʻp qavatli uylarda jami 1 ming 480 xonadon mavjud. Loyiha qiymati 479,5 milliard soʻm boʻlib, toʻliq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilgan.
– Bino asosan quyma temir-beton texnologiyasi asosida qurilgan boʻlib, bu zilzilaga oʻta bardoshli hisoblanadi, – deydi qurilish obyektining mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi boshligʻi Bobosher Baratov. – Energiya tejamkor panellardan foydalanilgan. Panellarning afzalligi shundaki, xonadonlar qishda issiq, yozda salqin boʻladi. Binoning deyarli barcha mahsulotlari mahalliy hisoblanadi. Binoda elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv taʼminoti mavjud. Hududda 1 ta mahalla guzari, 7 ta bolalar maydonchasi bor.
Mahallada istiqomat qilayotgan xotin-qizlar uzoq manzillardan ish izlashiga hojat yoʻq. Shu yerda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Sardoba Oqsaroy tekstil” MCHJ faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
– Hozirgi kunda korxonalarimizda 3 ming nafar aholini ish bilan taʼminlaganmiz, – dedi “Oqsaroy group” MCHJ taʼsischisi Davron Vahobov. – Qashqadaryo viloyatida paxta yetishtiramiz va oʻsha yerda paxta xomashyosi qayta ishlanib, ip-kalava holatiga keltiriladi. Toshkent shahrida ularga rang berilib, korxonaning boshqa filiallarida mato holatiga keltiriladi. “Sardoba Oqsaroy tekstil” MCHJda 650 yangi ish oʻrni yaratildi. Ayni paytda ishchilarni qabul qilyapmiz.
Korxona mahsulotlari Rossiya va Ukrainaga eksport qilinadi. Bino qishda issiq, yozda salqin boʻlishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 2020-yil yakuniga qadar toʻliq quvvatda ishlashi kutilayotgan korxona tomonidan yiliga 1,4 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.
Talafot koʻrgan hududlarning toshqindan oldingi holatini, infratuzilmasini bilgan, koʻrgan kishi hozirda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini koʻrib, xalqimizning hamjihatligi, bagʻrikengligiga tan berishi, shubhasiz. Bu oʻzgarishlarni his qilgan har bir insonda ertangi kunga boʻlgan ishonch ortib boraveradi.