To‘lovga qobiliyatsizlik bilan bog‘liq qonunga tayyorlanayotgan sharhda xalqaro tajriba aks ettiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga Osiyo taraqqiyot banki vakillari tashrif buyurdi.
Oliy sud raisi o‘rinbosari Malika Qalandarova bilan uchrashuvda Osiyo taraqqiyot banki katta yuristkonsultanti Xanna Lim, Osiyo taraqqiyot banki xalqaro eksperti Jon Martin va Osiyo taraqqiyot banki konsultanti Sherzodbek Masodiqov ishtirok etdi.

Muloqotda mamlakatimizda to‘lovga qobiliyatsizlik qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha sharhni ishlab chiqish jarayoni yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Odil sudlov sohasida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, to‘lovga qobiliyatsizlik ishlarini sudlarda ko‘rib chiqish amaliyoti, sudlar faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tildi.
O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar, xususan, odil sudlov sohasining bir qator dolzarb masalalari yuzasidan o‘tkazilgan tadbirlar ahamiyatli bo‘lgani qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonuniga sharhni ishlab chiqish jarayoni, mazkur masala bo‘yicha shakllantirilgan ishchi guruh faoliyati va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Xalqaro ekspert J.Martin “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunga sharh yozish bo‘yicha 26-29-mart kunlari Toshkent viloyatida o‘tkazilgan mualliflar muhokamasi samarali tashkil etilgani, unda fuqarolarning to‘lovga qobiliyatsizligi masalasi bo‘yicha xalqaro tajriba aks ettirilgani e’tiborga loyiq ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Aytib o‘tish kerakki, “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunni qo‘llashda amaliyotda ko‘plab tushunmovchiliklar mavjud. Mazkur sharhni tayyorlash amaliyotda faoliyat yurituvchi sudyalar, sud boshqaruvchilari va boshqa mutaxassislar uchun foydali manba bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
- O‘zA