Tojikistonlik jurnalistlar Samarqandda
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi delegatsiyasi bugun Samarqandga keldi.

Samarqand viloyati hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi vakillari tomonidan kutib olingan mehmonlar dastlab samarqandlik hamkasblari bilan birga Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘ida o‘zbek va tojik adabiyotining ikki buyuk mutafakkiri – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning haykali poyiga gullar qo‘ydilar.

Shundan so‘ng tojikistonlik jurnalistlar Samarqand viloyat Matbuot uyida bo‘lib, viloyat “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik” va “Ovozi Samarqand” gazetalari tahririyatlari hamda Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga boy tarixga ega nashrlarning o‘tmishi va bugungi kuni, uyushma viloyat bo‘limi qoshida tashkil etilgan jurnalistik mahorat maktabi, amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.

– Davlatlarimiz rahbarlarining oqilona siyosatlari tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlik rivojlanib bormoqda, – dedi Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi raisi Zinatulloh Ismoilzoda. – Jumladan, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan yaqin aloqa o‘rnatib, ijodiy masalalarda birgalikda ishlayotganimiz quvonarli. Bu o‘zbek va tojik jurnalistikasi uchun ham birdek manfaatli bo‘lmoqda. Jumladan, Samarqandga ikkinchi marta kelyapmiz va bu yerdagi ommaviy axborot vositalari bilan ijodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yganmiz. Bunday uchrashuvlarimiz aloqalarimiz ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Samarqand viloyati matbuotining bir asrdan ortiq tarixini o‘zida mujassam etgan muzey ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tojikistonlik jurnalistlar Amir Temur maqbarasi va boshqa tarixiy obidalarni ziyorat qildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA.