Tojik adabiyotiga bir nazar
_
Jahonning shodligi yig‘ilsa butun,
Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.
Ildizi olis asrlarga borib taqaladigan tojik-o‘zbek adabiy aloqalari xususida so‘z ketganda, avvalo, jahon adabiyotining yirik namoyondalaridan biri Ab-u Abdullo Rudakiy (858-941)ning mashhur masnaviysidagi yuqoridagi satrlar yodga tushadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 18-19-aprel kunlari qo‘shni Tojikistonga qilgan davlat tashrifi o‘zbek va tojik xalqlari azaliy do‘stligining yorqin namunasidir.Ikki qardosh el o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalardagi hamkorlik keyingi yillarda yanada rivoj topganligini alohida qayd etish kerak.
She’riyat osmonining yorqin yulduzi Alisher Navoyining tojik adabiyotining ulug‘ namoyondalaridan biri Abdurahmon Jomiy bilan ustoz-shogirdlik an’analari ikki xalq ijodkorlarining azaliy do‘stligiga yorqin misol bo‘la oladi.”Xamsa” asari ham ulug‘ ustozdan ilhomlanib yozilgan.
O‘zbek kitobxonlari tojik adabiyoti durdonalaridan, bugungi adabiy jarayonda faol tojik ijodkorlari asarlaridan bahramand bo‘lmoqdalar.
Ayniqsa mashhur shoir Abulqosim Lohutiy she’rlarining muxlisiman.
Qo‘ling boshimga qo‘y, haroratim bor,
Tun-kun na huzur, na halovatim bor.
Yo quvg‘in qil, yoki tinchit ko‘ngilni,
Visol oqshomi bul, senga gapim bor.
Ko‘p asrlik tarixga ega tojik adabiyoti uzoq yillardan beri millionlab kitobxonlarning ma’naviy mulkiga aylanganligi diqqatga sazovordir.Shu xususda gap ketganda tojik klassik adabiyoti,xususan, adabiyotshunosligi,publitsistikasi,nasri, she’riyati, dramaturgiyasi namoyondalari hayoti va ijodiy faoliyati, ularning ijod xirmoniga qo‘shgan ulkan hissalari–ajoyib asarlari haqida muxtasar yuritishni lozim topdik.
Fors-tojik adabiyotining asoschisi Ab-u Abdullo Rudakiy bosib o‘tgan hayot va ijod yo‘li o‘ziga xosdir.U Samarqand shahri yaqinidagi Panjrudak qishlog‘ida tavallud topgan.Rudakiy yoshligidanoq har jihatdan nihoyatda iste’dodli edi.Hatto sakkiz yoshidanoq Qur’onni xatm qilganligidan ham uning qanday yuksak talant sohibi ekanligini ilg‘ash qiyin emas.
Rudakiy asarlari turli mavzularda.Uning bir ruboiysini yoshlik yillarimda yodlagan edim, hamon ifodali o‘qishni xush ko‘raman.
O‘z nafsini mag‘lub etolgan marddir,
G‘iybatdan uzoq-uzoq ketolgan marddir.
Nomard tepib o‘tar yiqilganlarni,
Ojiz kishilar qo‘lin tutolgan marddir.
Tojik adabiyotining ulkan vakillaridan biri Mirzo Tursunzoda she’rlari ham jahon adabiyotining nodir namunalariga aylanganligini alohida qayd etish kerak.U xalqaro Neru mukofoti laureati, Tojikiston Qahramoni, Tojikiston xalq shoiri, dunyo kezgan mashhur adib edi.
Bundan tashqari Rahim Jalil, Mirsaid Mirshakar, Mo‘min Qanoat, Gulruxsor Safiyeva, Loyiq Sherali, Farzona, Ozarxsh,Abdujabbor Surush asarlarini o‘zbek kitobxonlari ham sevib mutolaa qilmoqdalar.
...Bir kuni “Do‘rmon” ijod uyida kitob o‘qib o‘tirgan edim.Shoir Odil Ikrom Tojikiston Yozuvchilar uyushmasining rahbarlaridan biri Akbar Ablulloni ergashtirib keldi.Akbar Abdulloni anchadan beri tanir edim.
U Hindistondan kelayotgan ekan.Kitoblarimni sovg‘a qildim.U ham menga rus tilida nashr etilgan to‘plamiga dastxat yozib berdi.Bugungi tojik adabiyoti, o‘zbek-tojik adabiy aloqalari haqida gurunglashdik.
–-Dushanbega boring.Yozuvchilar uyushmasi raisi Nizom Qosim bilan tanishtiraman.Borsangiz, tojik tiliga tarjima qilingan hikoyalaringizni jurnallarda bosib chiqaramiz.Balki alohida kitobcha holida chop etarmiz.
Ammo ish, ijod tashvishlaridan ortib, Akbar Abdulloning taklifini amalga oshira olganim yo‘q.U kishi men bilan tengdosh ekanlar.Hatto men tug‘ilgan Surxondaryoda tanishlari ham borligini, ular bilan do‘stlik aloqalarini o‘rnatganligini,juda inoq ekanligini aytib qoldilar.
Akbar Abdulloning she’rlarini o‘zbek tiliga talantli ijodkorlardan biri Odil Ikrom o‘girgan.Ayniqsa sevgi haqidagi asarlari ta’sirli.
Uning “Shoir ishqi” she’ri badiiy jihatdan ancha yuqoriligi uchun ko‘pchilik muxlislarni xursand qildi.Tuyg‘ulari nihoyatda tabiiy.
Xayol og‘ushida ko‘cha kezarkan,
She’rimni pichirlab aytib yuraman.
Devona ko‘ngilning orzularini,
Botinimda qayta tiklab boraman.
Bugungi tojik she’riyati haqida fikr yuritganda Adiba Xo‘jandiy asarlari ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi.U tashbehlardan samarali foydalanadi.Ehtiroslari toshqin.Mavzulari xilma-xil.
Elga tanilgan shoir K.Xo‘jandiy nomli adabiy mukofotni olishga ham muyassar bo‘lgan.1998-yildan beri Tojikiston yozuvchilar ittifoqining a’zosi sifatida samarali ijod qilib kelayotir.
Azizim, hijroning ko‘z yoshlarimning
Kumush so‘qmog‘idan ketar olisga.
Va men ham ketarman, nolalarimning
Ko‘prigidan o‘tib, g‘amgin, ohista...
Tojik she’riyati to‘g‘risida yetarli tasavvurga ega bo‘lishni istagan kishi, albatta, “Zamonaviy tojik she’riyati antologiyasi” kitobini o‘qib chiqishi lozim.Chunki to‘plamdan klassik shoirlardan tortib to yosh tojik shoirlarining ijodidan namunalar ham o‘rin olganligi maqtovga loyiqdir.
–“Zamonaviy tojik she’riyati antologiyasi” bir necha avlod tojik shoirlari she’rlaridan iborat ajoyib guldastadir,–deyiladi kitobga yozilgan annotatsiyada.–Undan 60 nafarga yaqin shoir o‘rin olgan.Sadriddin Ayniydan boshlanib, Nurali Nurzod bilan tugagan antologiyada sara shoirlarning nafaqat nomi, balki asarlari ham chertib-chertib tanlanganki, qulog‘idan tortib olib kirilgan zo‘rma-zo‘raki she’rni topmaysiz.O‘zga tuzum ostonasida turib ijod qilgan shoirlar she’rini o‘qiganingizda ham dimog‘ingizga bugungi kun nafasi baralla kelayotganini sezasiz, shoirni xuddi yoningizda turgan zamondoshdek his etasiz.Va eng asosiysi, she’rlarning tarjima ekanini sezmaysiz.Ba’zi o‘rinlarda she’rlar hatto asliyatdan ko‘ra yurakka yaqinroqday.Ushbu antologiya ikki qon-u qardosh –o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tayotgan iste’dodli shoir va mohir tarjimon Odil Ikromning mashaqqatli mehnati mahsulidir.U ancha-muncha nozikta’b kitobxonlarning yurak javonidagi eng nodir ma’naviy mulklardan biriga aylanishiga ishonchimiz komil.
O‘zbek va tojik adabiyoti vakillarining o‘zaro adabiy aloqalari, bir-birlari bilan do‘stligi o‘rnak bo‘larli darajada.G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Zulfiya kabi mashhur ijodkorlarning tojikistonlik taniqli shoir va adiblar bilan chin do‘stlik rishtalari bog‘langanligi barcha ma’lum.
Dunyoga tanilgan yozuvchi Sadriddin Ayniyning badiiy jihatdan baquvvat asarlarini bolaligimda o‘qib chiqqan edim.”Qullar”, “Doxunda” “Sudxo‘rning o‘limi”, “Eski maktab” to‘plamlari hamon shaxsiy kutubxonamning kitob javonidagi ko‘zga ko‘rinarli joyda turibdi.Ularni mutolaa qilishni o‘nlab badiiy asar muxlislariga tavsiya qildim.
Asli surxondaryolik, Boysunning Pasurxi qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan taniqli yozuvchi Sattor Tursun qissalari va hikoyalari jahonga mashhur.Ularning ko‘pchiligini iste’dodli adib Erkin A’zam mahorat bilan tarjima qilgan.Xalq hayotini yaxshi o‘rgangan Sattor Tursun asarlarini o‘qisangiz, tafakkuringiz kengayadi, benihoya zavq olasiz.
Tojik adabiyoti xususida so‘z ketganda beixtiyor she’rlari minglab qalblarni zabt etgan Ozarning ehtirosli satrlari yodga tushadi..
Kelsayding, kelsayding, shahar boshidan,
Gullar sochar edi samo, ey, ayol.
Ehtimol, topardi, pok ishqimizdan,
Shahar o‘z dardiga, ey, ayol!...
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga qilgan ikki kunlik davlat tashrifi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlikni,turli sohalardagi, xususan, adabiy hamkorlikni yanada kuchaytirishiga ishonchimiz komil.
Jovli Xushboqov,
adabiyotshunos.
O‘zA