Tog‘liklarning uzoq yillik orzulari ushaldi
Sayohat manzillari
Qashqadaryo viloyatining so‘lim tabiatli go‘shalaridan biri Shahrisabz tumanidagi Sarchashma qishlog‘i haqida avvalgi maqolalarimizda ko‘p bora hikoya qilganmiz. Ammo har gal borganimizda bir o‘zgarish, bir yangilikning guvohi bo‘lamiz.
Bu gal ushbu maskanga bizni tog‘ qishloqlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari chorladi.
Ilgarilari Sarchashmaga borish uchun pastu baland, o‘nqir-cho‘nqir mashaqqatli tog‘ yo‘lidan maxsus, tog‘ yo‘llariga moslashgan mashinalarda borilardi. Yo‘l masalasi tog‘ qishloqlari aholisining ushalmas orzusiga aylangan edi. Ayniqsa, qish-qirovli kunlarda aholi tuman markaziga tushishga juda qiynalishar edi. Zarurat bo‘lmasa tushmasdi ham.
"Hisorak" MFY markazidan Sarchashma qishlog‘i sari harakatlanar ekanmiz, bu gal o‘zimizning mashinada ketdik. Tekis va ravon yo‘llarda mashina qiynalmaydi hisobi.
Sarchashma qishlog‘iga yaqinlashganimizda yo‘lsozlarning qizg‘in ish jarayoni ustidan chiqdik. Ular qishloqning ichki yo‘llarini asfaltlash ishlarini yakunlab, tog‘dan tushadigan katta yo‘lni boshlab yuborishibdi. To‘xtab, ozgina suhbatlashdik.
– Shahrisabz tumani Hisorak-Sarchashma avtomobil yo‘lining 12 kilometr qismida asfaltlash ishlarini amalga oshiryapmiz, – deydi “Qashqadaryo yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Zokir Kenjayev. – Eni 4,5 metr, qalinligi 10 santimetr o‘lchamda asfalt yotqizilmoqda. Ilgari 2-2,5 metr edi. Hozirgi kunda 7 metrgacha kengaytirildi. Jarlik tomonga beton to‘siqlar quyib chiqilmoqda. Hozirgi kunga qadar 4 kilometr joyga asfalt qopladik. Loyihamiz yildan-yilga o‘tuvchi loyiha bo‘lib, joriy yil hisobidan 6 kilometr qismini asfalt va beton qorishma bilan ta’minlaymiz. Keyingi yil qolganini qilamiz. Chunki tog‘ yo‘li bo‘lgani uchun asfalt yotqizishgacha yo‘lni tayyorlash, kengaytirish, tekislash ishlari anchagina vaqt talab etadi. Bundan tashqari, sel suvlarini qochirish uchun kerakli joylariga 28 ta 520 lik, 830 lik, 1020 lik o‘lchamdagi metall trubalar qo‘yilmoqda. 2X2 o‘lchamda prolotoklar o‘rnatilmoqda.
4 ming 700 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan Sarchashma qishlog‘i Qirqqiz, Shoh yurti, Ayritog‘ cho‘qqilari etagida joylashgan. Bu yerda asosan tojik millatiga mansub kishilar dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib, hayot kechiradi. Deyarli har bir xonadon o‘zi uchun ajratilgan yerda dehqonchilik qilib, har yili tonnalab kartoshka, olma, yong‘oq kabi mahsulotlarni bozorga chiqaradi.
Qishloqqa kirish joyda to‘xtab, tabiat atalmish buyuk rassom chizgan “surat”larni kuzatdik. Ulug‘vor tog‘lar, hali kuz nafasi hududni tark etmagan bo‘lsa-da, olis tog‘ cho‘qqilariga qor tushgan va bu cho‘qqilarga o‘zgacha fusun bag‘ishlagan.
Mahalla raisi hamrohligida qishloq oralab yurar ekanmiz, yong‘oqlarini qoqayotgan bog‘bonni uchratdik. Suhbatga chorladik. Mashaqqatli mehnatining rohatidan zavqlangan dehqon chehrasi ochilib, shukrona keltiradi. Peshona teri bilan topilgan daromadning gashti o‘zgachaligini, mehnat qilgan inson hech qachon kam bo‘lmasligini bot-bot takrorlashdan charchamaydi.
– Hovlimizda 4 tup yong‘oq daraxti bor. Bundan tashqari, dala hovlimizda ham bor, – deydi Amirqul Yorov. – Ularning ba’zi birlari 100-150 yoshda. Ulardan ob-havoga qarab har yili 1 tonnaga yaqin hosil olamiz. Ona tabiatning o‘zi yong‘oq uchun qulay sharoitni yaratgan. Shirin suv, salqin tabiat. Biz faqat ekamiz va hosilini teramiz. Bundan tashqari, kartoshka, bug‘doy ekamiz. Avvalo, ro‘zg‘orga, ortgani bozorga sotiladi. Nasibaga yarasha, daromadi yomon emas.
Hamma ish bilan band, kimdir yong‘oq qoqayapti, kimdir olma termoqda, yana boshqa birov kartoshka kavlash bilan ovora.
– Aholimiz asosan olma, yong‘oq, kartoshka yetishtirish bilan shug‘ullanadi, – deydi Shuhrat Qurbonov. – Kuzda teramiz, bahorda ishlov beramiz, dori sepamiz, sug‘oramiz. Sovuqdan asrab qolganimizning sababi shundaki, pastga nisbatan, tog‘ tomonlarda bahor 1,5-2 oy kech boshlanadi. Kuz ham erta tushadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, daraxtlarimizga sovuq ko‘p ta’sir qilmaydi. 25 sotix bog‘imiz bor. Shunga 100 tup olma daraxtini ekkanmiz. Bundan tashqari 50 tup nok bor. Daraxtlarimiz hali yosh. Bu yilning hisobiga 2-3 tonna olma olishni rejalashtiryapmiz. 1 tonnaga yaqin nok oldik. 1,5 tonnaga yaqin kartoshka yetishtirdik. Bu to‘kin-sochin yashashimizga yetadi. Pastdan kelib xaridorlar olib ketishadi. Qishlog‘imizda deyarli hammaning tomorqasi bor. Kami 10-15 sotixdan. Boqimanda odamni topolmaysiz bu yerda. Hamma mehnat qiladi. Hovli devori, darvoza yo‘q. Ahil inoqlikda yashayapmiz.
Qishloqni oralab yurar ekanmiz, tekis va obod yo‘llar, chiroyli savdo do‘konlari, shinamgina yemakxonalar barpo qilinganiga guvoh bo‘ldik. Qishloq odamlarining qaysi biri bilan suhbatlashmaylik, bo‘layotgan o‘zgarishlardan mamnun ekanligini bot-bot takrorlaydi.
– Davlatimizdan juda minnatdormiz, yo‘llarimiz asfalt bo‘ldi. Bu bizning uzoq yillik orzuimiz edi, – deydi Rahmon bobo Sharipov. – Bu yo‘llarning ko‘pi qo‘l kuchi bilan hashar orqali qilingandi. Qishda harakatlanish juda qiyin bo‘lardi. Ayniqsa, bizga o‘xshagan keksa nuroniylar, maktabga qatnaydigan bolajonlar juda mashaqqat chekardik. Shukrki, mana qisqa fursatda hamma yo‘llarimiz asfalt bo‘lib qoldi. Tuman markaziga tushadigan yo‘lni ham kengaytirib, chiroyli qilishmoqda. Yangi yo‘llar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqalar, o‘zgarishlar katta. Xalqning dardini eshityapti va shu muammolarni hal qilib beryapti. Yoshim 80 ga yaqinlashdi. Mana shunday dorilamon kunlarni ham ko‘rdik. Yurtimiz hamisha tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin. Biz keksalar doim duodamiz.
Islohotlar shabadasi sarchashmaliklarning turmush tarzi, hayotini ham o‘zgartirmoqda. Ayniqsa, doim o‘choq-qozon va bola tarbiyasi bilan band bo‘lgan xotin-qizlarning yumushlari yengillashgan.
– Qishlog‘imiz ayollari juda xursand, – deydi Sayyora Niyozova. – Ilgari sira ro‘zg‘or ishlaridan ortmasdik. Mana gaz ballonlari kelib, o‘choqdan qutuldik. Yangi bog‘cha ochilib, farzandlarimiz qatnayapti, zamonaviy ta’lim olyapti. Endi bo‘sh vaqtimiz ko‘paydi. O‘zimizga qarashga, biror hunarni davom ettirishga imkon paydo bo‘ldi. Masalan o‘zim shirinliklar pishiraman. To‘y-hashamlarga, oilaviy tadbirlarga tayyorlab beraman. Buyurtmalar ko‘p. Ilgari bularning hech biriga ulgurib bo‘lmasdi.
[gallery-13601]
Albatta, hunari bor xor bo‘lmas. Qisqa qilib aytganda, qishloqda bekor o‘tirgan odamni ko‘rmaysiz. Hamma ish bilan, mehnat bilan band. Shunga yarasha odamlarning turmushi ham farovon. Mahalla raisi Fazoyil Chorshanbiyev qishloqdagi o‘zgarishlarni so‘zlab berar ekan, qishloq tarixini aks ettirib turuvchi yangi muzey ham tashkil etilganini so‘zlab qoldi. Yo‘lni shu tomonga burdik.
Haqiqatda qishloqdagi foydalanilmay turgan qadimiy masjid binosida tashkil etilgan ushbu muzey qishloq odamlarining turmush tarzi, urf-odatlari va an’analari aks ettiruvchi minglab eksponatlarga to‘la ekan. Bu xayrli ish shu qishloqlik rassom Furqat Abulovning tashabbusi ekan.
– Muzeyimizdagi eksponatlarning eng qadimiysi tarixchilarning aytishicha, 8-asrga taalluqli sopol tovoq, – deydi Furqat Abulov. – Boisi uni bezashda ishlatilgan ranglar turli xil o‘tlardan tayyorlangan va bunday usul mutaxassislarning ta’kidlashicha, 8-asrlar kulolchiligiga xos ekan. 13-asrlarga taalluqli nayza o‘qi ham qadimiy eksponatlarimizdan. Bundan tashqari eksponatlarimiz orasida qadimiy pichoq ham bor. Uning suratlarini mutaxassislarga tashlab berganimizda rimliklar pichog‘i deyishdi. Yasalish usuli shunga ishora qiladi. Uni tog‘da qo‘y o‘tlatib yurgan cho‘pon yigit topib olgan. Hali o‘rganish ishlari oxiriga yetmadi. Balki juda qadimiy bo‘lishi ham mumkin. Bu narsalarni yig‘ish va ularning har birini mutaxassislar bilan muhokama qilar ekanmiz, yashab turgan qishlog‘imiz juda qadim-qadimdan insoniyatga makon bo‘lganini angladim. Hali o‘rganilmaganlari juda ko‘p. Albatta bu xalqimizning boy tarixi, urf-odat an’analaridan darak berib turadi. Maqsadim ham aslida shu edi. Qishlog‘imizning tarixini jonlantirish, uni kelajak avlodga yetkazish. Hali izlanishlarimiz davom etmoqda.
Darhaqiqat, muzey binosi eksponatlarni saqlash va joylashtirish uchun ozgina torlik qilib, noqulaylik tug‘dirsada, ammo tarixiy eksponatlarga boy. U yerda qadimgi kulolchilik buyumlari, tangalar, zargarlik buyumlari, liboslar, qurol aslahalar, qadimiy kitoblar barcha-barchasi mo‘’jizakor. Shu bois qishloqqa kelgan mehmon borki, albatta, muzeyni bir bora tomosha qilib ketar ekan. Biz ham maroq bilan tomosha qildik. Ko‘pchilik buyumlarning tarixi bilan qiziqdik. Ochig‘i, olis tog‘ qishlog‘ida noyob eksponatlarga boy bunday muzeyning faoliyat boshlashi hayratlanarli. Furqat Abulovning ushbu muzey borasidagi rejalari bisyor. Kelgusida uni kengaytirib, muhtasham muzeyga aylantirishni maqsad qilgan.
Qizig‘i, Sarchashmada egri-bugri bo‘lib, tepalikka tomon o‘rlagan ko‘chalarning ikki chetidagi xonadonlarning birortasi devor bilan o‘ralmagan. Bu nimadan darak beradi? Qishloqda “qo‘li egri” odam yo‘qligidan, hamma o‘ziga to‘qligidan… Sinamoq uchun qishloqning istalgan yeriga buyumingizni qo‘yib keting, to o‘zingiz qaytib kelmaguningizcha birov tegmaydi. Qishloqqa begona ko‘z oralasa, darrov hamma biladi.
Mana shunday ajoyib taassurotlar bilan Sarchashma qishlog‘idan qaytdik. Ha, demay bu o‘lkalarni qalin qor qoplaydi. Tog‘lar o‘zining qor ko‘rpasini yopinib shirin uyquga ketadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari.