To‘rt faslda ham to‘kinlik
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan, aholini shaxsiy tomorqa bilan ta’minlash va undan unumli foydalanish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotir. Buni Surxondaryo viloyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan, aholini shaxsiy tomorqa bilan ta’minlash va undan unumli foydalanish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotir. Buni Surxondaryo viloyati misolida ham ko‘rish mumkin.Viloyat aholisiga 40 ming gektardan ziyod unumdor yer tomorqa sifatida ajratilgan. Aholining shaxsiy tomorqa xo‘jaligidan samarali foydalanishida “Tomorqa rejasi” dasturi qo‘l kelmoqda. Tijorat banklari tomonidan ehtiyojmand oilalar qo‘llab-quvvatlanib, imtiyozli kredit asosida urug‘lik va mevali daraxt ko‘chatlari bilan ta’minlanmoqda. Mahallalarda tomorqa xo‘jaliklariga arzon baholarda mineral o‘g‘it va kimyoviy preparatlar yetkazib beradigan do‘konlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Aholi tomorqasidan unumli foydalanishga e’tibor kuchaytirilayotgani yilning to‘rt faslida ham arzon, sifatli meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish uchun yanada qulay imkoniyat yaratmoqda. Qo‘shimcha daromad evaziga oilalarning turmush farovonligi ortmoqda.
– Odamlarning yerga munosabati o‘zgarib, tomorqadan samarali foydalanish madaniyati yuksalmoqda, – deydi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Qobulova. – Bu qishloq xotin-qizlarini ish bilan ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etayotir. Tomorqalarning 435 gektarida issiqxonalar tashkil etilgan. Mo‘jazgina issiqxona sharoitida turli sitrus mevalar, pomidor, bodring, ko‘katlar, qo‘ziqorin kabi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilib, oilalar byudjeti mustahkamlanayotgani quvonarli.
Muzrabot tumanida 24 ming 151 oilaga 2 ming 451 gektar yer maydoni shaxsiy tomorqa sifatida ajratib berilgan. Bir paytlar faqat chorva ozuqasi yetishtirilgan tomorqalarning yaxshigina qo‘shimcha daromad manbaiga aylanayotgani har qarich yerdan foydalanishning serdaromad yo‘llarini izlab topishga undamoqda. Shu maqsadda issiqxonalar barpo etib, limon, bodring, pomidor, turli sabzavot va ko‘kat yetishtirib, bir yilda ikki-uch marta hosil olishga intilish, ishtiyoq kuchaydi. Bu yil tumanda 22 gektardan ziyod tomorqada issiqxonalar tashkil etilib, oziq-ovqat ekinlari yetishtirilayotgani bunga yaqqol misoldir.
– Xonadonlardagi issiqxonalarda parvarishlanayotgan limon va ko‘katlar oilalarga qish faslida ham yaxshigina daromad keltirmoqda, – deydi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muhiddin Sharipov. – Hozir bozorga asosan pomidor va bodring chiqarilmoqda. Ertachi kartoshka, sabzi parvarishlagan xonadonlar dastlabki hosilni yig‘ib olayotir. Tomorqalarning bir qismida parvarishlanayotgan ertachi piyozdan ham mo‘l hosil olish mo‘ljallanmoqda. Mineral o‘g‘it, urug‘ yetkazib beradigan shoxobchalar tashkil etilib, shu maqsadlar uchun imtiyozli kreditlar ajratilayotgani va hovlisining obod, turmushining farovon bo‘lib borayotganidan mahalla ahli juda mamnun.
Tomorqa egalarining mineral o‘g‘it va turli ziroatlar urug‘iga, mevali daraxt va tok ko‘chatlariga ehtiyoji o‘rganilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Tomorqasida meva, uzum yetishtirish istagini bildirgan oilalar 255 ming 750 tup mevali daraxt va 220 mingdan ko‘proq tup tok ko‘chati bilan ta’minlandi. Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun, Sherobod, Sho‘rchi tumanlarida ham aholining tomorqa xo‘jaligidan samarali foydalanishga qiziqishi yildan-yilga ortmoqda.
Denov tumanida 6 ming 193 gektar maydon aholiga tomorqa uchun ajratilgan. Mavjud maydonlarning 70 gektarga yaqinida issiqxona tashkil etilgan. Tomorqadan qo‘shimcha daromad topishning hadisini olgan tuman aholisi hozirgacha 6 ming 135 gektardan ortiq maydonga turli sabzavot, kartoshka, poliz va boshqa oziq-ovqat ekinlari urug‘ini qadadi.
– O‘tgan yili pomidor, bodring parvarishladik, – deydi Denov tumani Chorgul mahallasida istiqomat qilayotgan Murod Toshboyev. – Mehnatimiz o‘z samarasini berdi. Daromadimiz evaziga “Damas” avtomashinasi sotib oldik.
Ha, aholi issiqxonalarida yetishtirilayotgan turli mevalar, pomidor, bodring, ko‘kat singari servitamin mahsulotlar bozorlarimizda narx-navo barqarorligini, dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlashga xizmat qilayotir.