To‘qimachilar xalqaro forumi
Toshkentda to‘qimachilik sanoatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda to‘qimachilik sanoatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekiston – Shveytsariya” do‘stlik jamiyati va “Riter O‘zbekiston” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz vazirlik va idoralari, O‘zbekiston, Shveytsariya, Germaniya, Hindiston va Turkiya to‘qimachilik kompaniyalari, tijorat banklari hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv muassasalari vakillari ishtirok etdi.
“O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Ilhom Haydarov va boshqalar investitsiyalarni jalb qilish, eng zamonaviy asbob-uskuna va texnologiyalarning joriy etilishi mamlakatimiz yengil sanoatini rivojlantirish hamda uning eksport salohiyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti ko‘plab xorijiy investorlarni o‘ziga jalb etmoqda. Prezidentimizning 2014-yil 7-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi bu borada muhim omil bo‘layotir. Ushbu dasturda to‘qimachilik sanoatiga doir umumiy qiymati 900 million dollardan ziyod 77 investitsiya loyihasi belgilangan. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi mamlakatimiz yengil sanoatining eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga yordam beradi.
Yurtimizda zamonaviy to‘qimachilik asbob-uskunalari ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilayotir. Jumladan, Prezidentimizning 2011-yil 21-fevraldagi “Zamonaviy to‘qimachilik uskunalarini ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkentda “Riter O‘zbekiston” O‘zbekiston – Shveytsariya qo‘shma korxonasi tashkil etilib, taroqli, lentali va halqali yigiruv mashinalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. “Jizzax” maxsus industrial zonasi hududida Xitoyning “Juita Sewing Machine” kompaniyasi bilan hamkorlikda tikuv mashinalari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
– O‘zbekistonda biznes yuritish uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi “Ekspo Kolor Print Teks” MChJ qo‘shma korxonasi texnologi Devenura Singx. –O‘zbekistonda joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalar, yuqori malakali kadrlarning mavjudligi to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va tarmoq mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarish imkonini kengaytirmoqda. Kompaniyamizda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ham mehnat qilayotgani va ular o‘z vazifalarini a’lo darajada bajarayotganini ta’kidlashni istardim.
Konferensiyada mamlakatimiz kompaniyalari vakillari va xorijiy tadbirkorlar o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.