Tizim xodimalari faoliyati o‘rganildi
Keyingi yillarda mamlakatimizda gender tenglik masalasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ayollar hamda erkaklar teng huquqligini ta’minlash, jamiyatda va boshqaruvda ayollar o‘rnini mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor bojxona organlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bugun bojxona organlarida ayol xodimalarning yetuk bilim va chuqur intellektual salohiyatga ega bo‘lishi uchun ishga solinayotgan barcha sharoitlar natijasida, tizimda ularning soni kun sayin ortmoqda.
Bojxona tizimida xizmat qilayotgan ayol xodimalar ish faoliyati samaradorligi, ularga yaratilgan sharoit va mavjud muammolarni o‘rganish maqsadida Bojxona qo‘mitasi raisi maslahatchisi, Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi U.Pirmuxamedova Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, bevosita bojxona postlarida va boshqarma apparatida bojxonachi ayollar bilan ochiq suhbat o‘tkazdi. “Dovud-ota” chegara bojxona postida xizmat qilayotgan xodimalar bilan suhbatlashar ekan, rais maslahatchisi bojxona organlarida amalga oshirilayotgan islohotlarda xotin-qizlarning o‘rniga alohida to‘xtaldi. Davlatimiz iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida erkaklar bilan bir safda, yelkama-yelka xizmat qilish, shu kasbni tanlagan har bir ayol uchun sharafli burch ekanligini ta’kidladi.

Bunday uchrashuvlar “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l, “Xo‘jayli” chegara bojxona posti va boshqarma apparatida ham bo‘lib o‘tdi. Unda tizimda xizmat qilayotgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy himoya borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil tushuncha berildi. Tizim ayollarida mavjud muammolar tahlil qilindi va joyida ijobiy yechim topildi. Uchrashuvlarda xizmat intizomi, odob-axloq, muomala va kiyinish madaniyati, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik kabi dolzarb masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ӯrganishlar davomida U.Pirmuxamedova post orqali harakatlanayotgan fuqarolar bilan ham suhbatlashib, ayol xodimalar muomalasi, o‘zini tutishi, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari bilan qiziqdi. “Dovud-ota” chegara va “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona postlari hududidagi xizmat uylarida oilaviy istiqomat qilayotgan xodimlarning turmush o‘rtoqlari hamda farzandlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tasarrufida bugungi kunda 34 nafar shahodatlangan ayol xodima xizmat qilib, shundan post boshlig‘i, tarkibiy tuzilma boshlig‘i hisobidan bosh inspektorlar yetishib chiqqan. Davlatimiz sarhadlarida 10 nafari katta inspektor lavozimida samarali xizmat qilmoqda.
Tizim xodimlari uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar gender tenglik tamoyili asosida tatbiq etilmoqda. Uzoq yillik ish staji va tajribalari inobatga olingan holda farzandlarini oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qo‘shimcha kvota asosida qabul qilish baxti ko‘pchilik xodimlar qatori “Dovud-ota” chegara bojxona posti katta inspektori Gulshad Abilkasimovaga ham nasib etdi.

Tadbirda gender tenglik masalalari, tizimda xizmat qilayotgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri