“Tisza” partiyasining g‘alabasi Orban tizimiga qaqshatqich zarba berdi
Tahlilchilar saylovda rekord darajadagi ishtirok hukmron partiya ustunligi haqidagi tezis rad etilganini ta’kidlamoqda.
“Tisza” partiyasining Vengriya saylovidagi g‘alabasi “Bosh vazir Viktor Orbanning hozirgi tizimiga qarshi plebissit” sifatida tavsiflandi. Bunday ko‘lam demokratik o‘tish davridan beri misli ko‘rilmagan darajani ko‘rsatmoqda, deya ta’kidlagan Polsha Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi (OSW).
Ishtirokchilar soni keskin o‘sishi ayniqsa “Tisza” g‘alaba qozonishi kutilgan hududlarda yaqqol sezildi. Bu esa muxolifatdan ko‘ngli qolgan yangi saylovchilar faol safarbar qilinganidan dalolat.
OSW ma’lumotiga ko‘ra, natija uzoq ko‘zlangan o‘zgarishlarga yo‘l ochadi. Yangi hukmron partiya “Fides” tomonidan yaratilgan tizimning asosiy unsurlari, jumladan qonun ustuvorligi, ommaviy axborot vositalari va korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi islohotlarni qayta ko‘rib chiqa boshlashi mumkin. Bundan tashqari hukumat vakolatining dastlabki oylari “keskin siyosiy qarama-qarshilik” bilan o‘tishi kutilyapti.
Ekspertlar “Fides” mag‘lubiyatini 2002-yildan keyingi eng jiddiy inqiroz sifatida baholamoqda. Resurslar va ta’sirni saqlab qolganiga qaramay, Orbanning yaqin orada boshqaruvga qaytishi ehtimoldan yiroq. Shuningdek, OSW hokimiyat almashinuvi Yevropa Ittifoqi bilan munosabat yaxshilanishiga olib keladi, deb hisoblaydi. Yangi hukumat to‘xtatib qo‘yilgan Yevropa mablag‘ining taxminan 18 milliard yevrosiga yo‘l ochish, Rossiyaga qaramlikni kamaytirish va qarama-qarshilik siyosatidan voz kechish niyatida.
S.Rahimov, O‘zA