Tirikligidayoq afsonaga aylangan aktyor: “Soyibxo‘ja operatsiyasi” va uning qahramoni haqida
XX asr o‘zbek san’ati osmonida porlagan yulduzlar orasida Soyib Xo‘jayev nomi alohida ajralib turadi. U nafaqat aktyor, balki xalqning kulgi madaniyatini, milliy xarakterini o‘zida mujassam etgan, o‘xshashi yo‘q hodisa edi. Maxsus teatr ta’limini olmaganiga qaramay, tug‘ma iste’dodi, tinimsiz mehnati va xalq ijodiga omuxta uslubi bilan u professional sahna san’atida burilish yasay oldi.
Uning nomi tilga olinganda, ko‘z oldimizda teatr sahnasida bir ming besh yuz martadan ortiq o‘ynalgan mashhur Toshbolta, “Yor-yor” filmidagi soddadil Ahmadjon kabi o‘nlab o‘lmas obrazlar gavdalanadi. Bu san’atkorning fe’l-atvori, ijro mahorati va merosi o‘zbek madaniyati tarixining eng yorqin sahifalaridan biridir.
Qishloqdagi qiziqchidan sahna dahosigacha
Bo‘lajak san’atkorning taqdiri uning bolaligidayoq belgilab qo‘yilgandek edi. 1910-yili Andijon viloyatining Xonobod qishlog‘ida dunyoga kelgan Soyibjon yoshligidan xalq tomoshalari, ayniqsa, dorbozlar va qiziqchilarning chiqishlari qurshovida ulg‘aydi. U 11 yoshida o‘z qishlog‘iga kelgan mashhur Yusufjon qiziq Shakarjonov boshchiligidagi xalq teatri tomoshalarini ko‘rib, san’atga maftun bo‘lib qoladi. Qiziqchilarning bir lahzada bir necha qiyofaga kira olishi, so‘z o‘yinlari, badihago‘ylik mahorati uning bola qalbida o‘chmas iz qoldirdi. Ko‘p o‘tmay u o‘rtoqlari bilan o‘zi ham qiziqchilarning chiqishlariga taqlid qilib, kichik “sahnalar” uyushtira boshlaydi va atrofdagilarning olqishiga sazovor bo‘ladi. Bu uning uchun havaskorlikdan professional san’at sari qo‘yilgan ilk qadam edi.
1927-yili u Qo‘qon teatrida o‘z faoliyatini boshlaydi va birinchi roli so‘zsiz xizmatkor obrazi bo‘ladi. Shunga qaramay, uning tabiiy iste’dodi tezda namoyon bo‘ladi. 1928-yildan Andijon teatriga o‘tgan Soyib Xo‘jayev qisqa fursat ichida o‘zini yorqin komik aktyor sifatida namoyon qiladi. U Karlo Gotssining “Malikai Turandot”ida Truffaldino, Gogolning “Revizor”ida Bobchinskiy, Hamzaning “Boy ila xizmatchi”sida Xolmat kabi murakkab va rang-barang obrazlarni yaratib, tomoshabinlar va mutaxassislar e’tiborini tortadi. Uning ijrosi shu qadar ishonchli va xalqona ediki, 1939-yili, endigina 29 yoshga to‘lganda, unga “O‘zbekiston xalq artisti” degan yuksak unvon beriladi. Bu maxsus ma’lumotga ega bo‘lmagan bir yigitning faqatgina o‘z iste’dodi va mehnati bilan erishgan ulkan yutug‘i edi.
Muqimiy teatri va “Toshbolta” fenomeni
Soyib Xo‘jayev ijodining eng gullagan, eng sermahsul davri 1939-yilda yangi tashkil etilgan Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama va komediya teatriga ishga kelishi bilan boshlanadi. Bu dargohda uning beqiyos iste’dodi to‘laligicha namoyon bo‘ldi. Biroq uning nomini butun xalqqa doston qilgan, ijodining mutlaq cho‘qqisiga aylangan obraz – bu dramaturg Hamid G‘ulomning “Toshbolta oshiq” asaridagi Toshbolta rolidir.
Bu rolning yaralish tarixining o‘zi bir afsona. Dramaturg Hamid G‘ulom bu asarni aynan Soyib Xo‘jayevning betakror mahorati, uning imkoniyatlari va ijro uslubidan ilhomlanib, unga “atab” yozgan edi. Toshbolta – sodda, biroz laqma, ammo qalbi toza, mehnatkash, sevgisi yo‘lida har qanday kulgili vaziyatga tushishdan qaytmaydigan oddiy inson. Soyib Xo‘jayev bu obrazni shu qadar mahorat bilan gavdalantirdiki, spektakl misli ko‘rilmagan shuhrat qozondi. Aktyor ushbu rolni bir ming besh yuz martadan ziyod ijro etib, jahon teatr tarixida ham kamdan-kam uchraydigan rekordni o‘rnatdi.
Uning ijrosidagi Toshbolta hech qachon bir xil bo‘lmagan. Soyib Xo‘jayev har safar sahnaga yangi hazil, yangi imo-ishora, yangi mimika bilan chiqar, improvizatsiya san’atini cho‘qqisiga olib chiqardi. Ayniqsa, uning qahramoni Risolatga oshiq bo‘lib, o‘zini ko‘rsatishga uringan sahnalar tomoshabinni qattiq kuldirar edi. Lekin bu kulgi ostida aktyor qahramonining sof qalbini, pok muhabbatini, samimiyligini shu qadar ta’sirli ko‘rsatib berardiki, tomoshabin Toshboltaga achinib, uni yaxshi ko‘rib qolardi.
Katta ekrandagi shon-shuhrat
Teatr sahnasidagi muvaffaqiyatlaridan so‘ng Soyib Xo‘jayev uchun kino olamiga yo‘l ochildi. Uning kinodagi debyuti 1943-yilgi “Vatanga sovg‘a” filmidan boshlangan bo‘lsa-da, uning ilk katta muvaffaqiyati “Nasriddinning sarguzashtlari” filmidagi kichik, ammo o‘ta yorqin choyxonachi roli bilan bog‘liq. U bu epizodik rolni ham o‘zining betakror mahorati bilan tomoshabin xotirasida muhrlab qo‘ya oldi.
Biroq aktyorga butun xalq mehrini olib kelgan film – bu 1964-yilda suratga olingan “Yor-yor” komediyasi bo‘ldi. Qizig‘i, bu film ssenariysi ham aynan Soyib Xo‘jayev va uning shogirdi Baxtiyor Ixtiyorov juftligi uchun yozilgan edi. Filmda Soyib Xo‘jayev o‘g‘lini uylantirish tashvishida yelib-yugurgan zamonaviy, ammo milliy qadriyatlarga sodiq tramvay haydovchisi Ahmadjon obrazini yaratdi. Bu rol uning ijodida yangi sahifa ochdi. U nafaqat kuldiruvchi, balki tomoshabinni o‘ylantiruvchi, qahramonining ichki kechinmalarini, otalik mehrini nozik his ettira oladigan chuqur dramatik aktyor ekanini ham isbotladi. “Diloromim”dagi Zuhurov, “Yettinchi jin”dagi Sulton kabi o‘nlab boshqa rollari ham uning kinodagi o‘rnini mustahkamladi.
Betakror meros va abadiy e’tirof
Soyib Xo‘jayev ijodiy muvaffaqiyatining siri nimada edi? U, avvalo, xalq ichidan chiqqan, xalqning o‘zini, uning dardu quvonchini, soddaligi-yu donoligini ifoda etgan san’atkor edi. U xalq qiziqchilarining an’analarini – badihago‘ylik, so‘z o‘yini, jonli muloqotni – katta sahna madaniyatiga ustalik bilan bog‘lay oldi. U yaratgan obrazlar hech qachon yassi, biryoqlama bo‘lmagan. Hatto eng salbiy qahramonlarida ham u insoniy bir jihat topishga, uni kulgili qilib ko‘rsatish orqali uning illatlarini fosh etishga urinardi.
Uning san’atga sodiqligi shu darajada ediki, vafotidan so‘ng uning xotirasiga bag‘ishlab “Soyibxo‘ja operatsiyasi” nomli alohida spektakl sahnalashtirildi. Vafotidan keyin “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanishi esa uning o‘zbek madaniyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasining yuksak e’tirofi bo‘ldi. Soyib Xo‘jayev nafaqat kuldirgan, balki o‘ylantirgan, yig‘latgan va eng muhimi, xalqqa o‘zligini ko‘zguda ko‘rgandek namoyon etgan buyuk san’atkor sifatida o‘zbek xalqining qalbida abadiy yashaydi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA