Tinchlik uchun kurashganlar unutilmaydi!
Poytaxtimizdagi «Birodarlar qabristoni» memorial majmuasi 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamshaharlarimiz, poytaxt mehmonlari, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, elchixonalar vakillari, tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetadigan oddiy odamlar bilan gavjum bo‘ldi.
Xalqimiz azaldan tinchlikparvar, adolatparvar, osuda kunlarning qadriga yetib yashaydigan xalq sifatida nom qozongan. Yangilanib borayotgan O‘zbekiston sifatida dunyoda e’tirof etilayotgan Vatanimizda tinchlik, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi o‘zaro ahillik, birodarlik, ijtimoiy barqarorlik muhitini mustahkamlash masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan barcha ma’rifiy tadbirlar, ijtimoiy loyihalarda bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin amaliy ifodasini topmoqda. Davlatimiz rahbari mamlakatimizning turli hududlariga tashrifi chog‘ida, oddiy odamlar bilan uchrashuv jarayonida yurtimizdagi tinchlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashni, nuroniylar holidan xabar olishni, umuman, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada o‘zbek xalqining munosib hissasi, uning ahamiyati va mohiyati xususida ko‘p bor so‘zlaydi.

Bu bejiz emas, albatta. Negaki, bugungi to‘kin-sochin, tinch, farovon, ma’murlikka, shiddatli taraqqiyotga yuz tutgan davrlarga yetib kelishda bobolarimizning jasorati, matonati beqiyos o‘rin tutadi.
“Birodarlar qabristoni” memorial majmuasidagi xotira yodgorliklari poyiga kelgan har bir insonning chuqur o‘yga tolganiga, ajdodlar jasoratiga ehtirom ko‘rsatganiga takror-takror guvoh bo‘lish mumkin.
Ota-onalar farzandlariga, nuroniylar jajji nevaralariga bugungi tinch va osuda hayotimiz qanday og‘ir mashaqqatlar, qahramonliklar evaziga erishilgani haqida so‘zlashdan charchamaydi. Majmuadagi xotira yodgorliklari, mungli onaxon haykali, mangu yonayotgan olov atrofi erta tongdanoq anvoyi gullarga to‘lib ketgan edi.
– Hech kimga urushni ko‘rgulik qilmasin, – dedi Afg‘on urushi faxriysi Rahimjon Sultonov. – Urushning kinofilmlardagi tasviri bilan real manzarasi o‘rtasida osmonu yercha farq bor. Har lahzada o‘lim bilan ro‘baro‘ kelishdek jarayonni kinematografiya tilida ifoda etish oson ish emas. Keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ustuvor bilish, hatto eng oddiy odamning ham dardu tashvishlarini tinglash, ularga yechim topish masalasi mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan yangilanish jarayonlarida bosh maqsadga aylandi. Bu jihatlar Ikkinchi jahon urushida erishilgan zafarda O‘zbekiston xalqining qo‘shgan hissasini munosib tarzda e’tirof etish, uni qayta o‘rganish, yoshlarga yetkazishda, baynalmilalchi jangchilarning imtiyozlarini qayta tiklashda, umuman, barcha jihatlarda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Shundanmi, bugungidek, Xotira va qadrlash tadbirlariga yurtdoshlarimiz eng avvalo qalb da’vati bilan oqib kelmoqdalar. Tinchlik uchun jonini baxshida etgan bobolari xotirasini mudom ardoqlamoqda.
– Vatanining ozodligi yigit uchun o‘z sha’ni, obro‘si, g‘ururi bilan barobardir, – dedi faxriy Odiljon Mamutov. – Yurtimizda bugun tinch va osuda hayotning qadriga yetish har bir inson uchun or-nomus, o‘z ota-onasining qadriga yetmoqlik bilan barobardir. Shu sababli ham mamlakatimizdagi tinchlikni ko‘z qorachig‘idek avaylash barchamizning burmizdir. Vatan tinchligi, uning ozodligi uchun qon to‘kkanlarni, aziz jonini tikkan zotlarni unutish mumkin emas!
– Biz umr bo‘yi Toshkentda yashaganmiz, – dedi Natalya Shumilova. – 9 may – Xotira va qadrlash kuni nazarimda barcha o‘zbekistonliklar uchun juda muqaddas bayram. Ikkinchi jahon urushi mamlakatimizdagi har bir oilada o‘z asoratini qoldirgan. Jumladan, bizning avlodimizdan 15 nafar kishi urushda ishtirok etgan. bugungi sana shunchaki sana emas. Bobolar xotirasini mudom e’zozlash, bugungi farovon hayotni qadriga yetishda da’vat etishi bilan ham juda qadrlidir. Shuning uchun bu majmuaga doim farzandlarimiz, nevaralarimiz bilan kelishni, G‘alaba onlarini yaqinlashtirgan qahramonlar xotirasiga ta’zim qilishni, ularning jasoratidan so‘zlashni sira kanda etmaymiz.
9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri