Til, ta’lim va mushtarak qadriyatlar: O‘zbekiston – Ozarbayjon hamkorligining yangi bosqichi
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari ittifoqchilikning sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda. Bu jarayon avvalo, ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi muntazam tashriflari, yaqin va ishonchli muloqotlari hamda siyosiy irodasiga tayanadi.
Shu bilan birga, xalqlarimizning mushtarak tarixi, madaniy yaqinligi, til va ma’naviy qadriyatlari bugungi geosiyosiy va geoiqtisodiy manfaatlar bilan uyg‘unlashib bormoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi oliy darajadagi sheriklik esa iqtisodiyot, investitsiya, transport, energetika, madaniyat va ta’lim sohalarida amalga oshirilayotgan yirik qo‘shma loyihalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov fikricha, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichi ta’lim sohasidagi hamkorlikni ham sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqmoqda. Ayniqsa, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, ilmiy-tadqiqot hamda til va madaniyatni o‘rganishga qaratilgan qo‘shma loyihalar bu hamkorlikning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda.

– Hozirgi kunda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) 40 dan ortiq davlatning 200 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolagan. 2025-yil 30-may kuni universitetimiz bazasida Ozarbayjon tili va adabiyoti markazini tashkil qildik va joriy yil fevral oyida Boku shahridagi Ozarbayjon xorijiy tillar universitetiga tashrif buyurib, ular bilan hamkorlik shartnomasini imzoladik.
E’tiborlisi, u yerda O‘zbek tili va adabiyoti markazini tashkil qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ldik. Imzolangan memorandum asosida Ozarbayjondagi professor-o‘qituvchilarni O‘zbekistonga, O‘zDJTU o‘qituvchilarini esa Bokuga malaka oshirishga yuborish imkoniyati yuzaga keldi.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda 15 nafar professor-o‘qituvchilarimiz Ozarbayjon xorijiy tillar universitetida malaka oshirish va stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldi. 3 nafar doktorantimiz u yerga borib tahsil olish, mustaqil izlanuvchilik ishlarini olib bordi. Uch nafar talabamiz esa qisqa muddatli stajirovka o‘tab keldi. Ozarbayjonlik 15 nafarga yaqin kishi yurtimizda malaka oshirdi. Ayniqsa, 6 nafar mustaqil tadqiqotchining O‘zDJTUga tadqiqotchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi bizni ham quvontiradi albatta.
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Ozarbayjon tili uchinchi til sifatida tatbiq etildi. O‘lkamizga tashrif buyurgan 4 nafar Ozarbayjon xorijiy tillar universiteti professorlari talabalarimizga ozarbayjon tilidan dars berishni boshladi. Universitetimizda ozarbayjon tilini o‘rganishga qiziqish katta va talabalarimiz, ushbu qardosh yurtning tilini, madaniyatini, adabiyotini hamda tarixini yaqindan o‘rganmoqdalar.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning mamlakatimizga davlat tashrifi, avvalo, nafaqat hukumat darajasida imzolanadigan shartnomalar, balki oliy ta’lim sohasidagi kelishuvlar orqali ham ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqish uchun katta imkoniyatlar yaratadi, deb o‘ylayman.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA