Til – millat tafakkurining bebaho xazinasi
Darhaqiqat, til – millat tafakkurining bebaho xazinasi, ulkan boyligi sifatida ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ona tilim – oltin sandig‘im
“O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunining 30 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarorida “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat” ekani alohida ta’kidlab o‘tilgan. Darhaqiqat, til – millat tafakkurining bebaho xazinasi, ulkan boyligi sifatida ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahonda o‘z ona tilini ulug‘lamagan, uning sha’ni, obro‘si uchun kurashmagan xalqni topish mushkul. Tilda har bir xalqning asrlar davomida bosib o‘tgan yo‘li, tarixi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari, madaniyati va san’ati, ma’naviyati o‘zining yaqqol ifodasini topgan bo‘ladi. Shu bois uni ko‘ngil mulkining bebaho gavhari, duri kabi saqlaydilar, o‘rni kelganda ko‘kragini qalqon qilib himoyalaydilar ham.
Tilning vazifalari adoqsiz va u o‘z zimmasiga yuklatilgan barcha vazifalarini bekamu ko‘st ado etishga qodir. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgandan keyingi 30 yillik tariximizni ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, bunga yana bir karra ishonch hosil qilamiz.
Nufuz va tanazzul
XXI asr o‘z ko‘lami va shitobi bilan insoniyat tarixida o‘ziga xos chuqur iz qoldirmoqda. “Globallashuv asri”, “Yuksak texnologiyalar zamoni”, “Texnikaviy inqiloblar davri” deb atalayotgan dunyoning bugungi manzarasida til va uni o‘rganishga munosabat masalasi hamon o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Negaki, dunyoning narigi chekkasidan bu chekkasiga uzatilayotgan oshkora va pinhona, rasmiy va norasmiy ma’lumotlarning barchasi muayyan til yoki maxsus kodlar orqali amalga oshirilmoqda. Shuning uchun jahon xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy va ma’rifiy hayotida ular tomonidan qo‘llanilayotgan milliy tillarga juda katta ehtiyoj sezilmoqda. Bu ehtiyoj tufayli ba’zi bir tillarning nufuzi kundan-kunga oshib borayotgan bo‘lsa, ba’zi tillar tanazzulga yuz tutmoqda.
Gapirayapmizu, o‘ylamayapmiz
Ilm-fan, texnika aqlbovar qilmas darajada rivoj topganiga qaramasdan, dunyo hamjamiyati sayyoramizda nechta til borligi haqida aniq ma’lumotga ega emas. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo tillarining soni 7000 dan oshadi. Mazkur tillardan 14 tasida insoniyatning uchdan ikki qismi gaplashadi. Ushbu tillarning har birida so‘zlashadiganlar soni esa 50 milliondan ziyod. Dunyodagi 70 tilda gaplashadiganlar 5 milliondan ko‘p bo‘lsa, qolgan tillarda muloqot qiladiganlar 1 milliondan kam.
Bu ma’lumotlarni nima uchun keltirayapmiz?! Biz o‘zbek tilining dunyodagi nufuzini oshirish ustida tinimsiz gapirayapmiz-u, lekin buni qanday qilib bajarish mumkinligi ustida sira o‘ylamayapmiz. Birinchidan, ingliz, rus hamda boshqa tillarda o‘zbeklar va o‘zbek tili bo‘yicha keltirilgan xalqaro miqyosdagi ma’lumotlarni jiddiy qayta ko‘rib chiqish, ilmiy asoslangan, rasmiy tan olingan manbalar asosida o‘zbek millatining dunyodagi o‘rnini va jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini xolis ko‘rsatib berish zarur. Bunday sharafli va mas’uliyatli vazifaning salmoqli qismi tilshunoslarning zimmasiga tushishi aniq.
2,7 million qayoqdayu, 10 million qayoqda...
Faktlarga murojaat qilaylik:
https//ru/wikipedia.org˃wiki˃uzbeki saytida dunyoda o‘zbeklarning soni 35 million, shundan Afg‘onistonda 2,3-2,7 million, Tojikistonda 1,3 million, Qirg‘izistonda 918 mingdan ziyod, Qozog‘istonda 576 ming, Rossiyada 289 mingdan ko‘p, Turkmanistonda 250 ming, Turkiya, Pokiston, AQShda 70-80 mingdan ko‘p o‘zbeklar istiqomat qilishi aytilgan. Nufuz jihatidan dunyo tillari o‘rtasida 41-o‘rinda turishi ta’kidlangan.
Bu faktlar bir yoqlama, asosan, rus turkologlari va mutaxassislarining ma’lumotlariga tayanib berilgan. Masalan, yuqoridagi saytda Afg‘onistonda 2,3-2,7 million atrofida o‘zbeklar yashashi aytilgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil topgandan buyon Afg‘onistondan 3 marotaba vakillar keldi va Prezidentimiz tashabbusi bilan Termiz shahrida “Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi” tashkil etildi. Ma’lum bo‘lishicha, Afg‘onistonning 9 viloyatida sal kam 10 milliondan ortiq o‘zbek istiqomat qilar ekan. 2,7 million qayoqdayu, 10 million qayoqda... Qo‘shni qardosh davlatlarda yashayotgan o‘zbeklarning soni ham boshqacha bo‘lishi aniq. Hatto saytda berilgan o‘zbeklarning soni qo‘shib chiqilsa ham 37 milliondan ortiqni tashkil qilmoqda.
Bu shunchaki xalq emas
https//uz.m.wikipedia.org˃wiki˃uzbeki saytida dunyoda o‘zbeklarning soni 50 milliondan ortiq ekani ko‘rsatib o‘tilgan va nufuzi 32-o‘rin deb belgilangan. Bu ma’lumotga qo‘shilsa bo‘ladi.
50 millionli xalq – bu shunchaki xalq emas. Bunday nufusga ega bo‘lgan xalq asrlar sinovidan o‘tgan, tili, madaniyati, san’ati qiyomiga yetgan va boshqalarga ibrat bo‘la oladigan xalq sanaladi. Bugun O‘zbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan siyosat buni amalda ko‘rsatmoqda. Dunyo O‘zbekiston va o‘zbeklar tomon intilishni boshladi.
Ona tilimiz boshiga soya solib turgan katta xavf bor
YuNESKO tomonidan e’lon qilingan “Yo‘qolish arafasida turgan dunyo tillarining atlasi”da ta’kidlanishicha, Yevropadagi 50 ta, Tinch okeani hududidagi 2000 ta, Afrika qit’asidagi 250 ta til halokat arafasida turibdi. Asrimiz oxiriga borib, insoniyat hozirda mavjud bo‘lgan tillarning yarmini manguga boy berishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Tillarning yo‘qolib ketishini globallashuv jarayonlari va urbanizatsiya hodisasining kuchayishi bilan bog‘lashmoqda. Ulardan ham ko‘ra ortiqroq omil bu – ilm-fan, texnika rivojidir.
Biz ham o‘z uyimizda qimirlamasdan, xorijiy tashriflar va mahsulotlarga mahliyo bo‘lib o‘tiraversak, tez orada ko‘chalarimiz, do‘konlarimiz, dasturxonimizni “bosib ketgan” gamburger, burger, xot-dog, marketlardan qutila olmay qolamiz. Jadal sur’atlarda o‘zbek tilining mashinaviy tilini amalga kiritish va dasturlash ona tilimizni bunday xavfdan qutqarib qoladi.
Yangi yo‘nalishlarga yangi avlod kadrlari kerak
Faqat til sohasini emas, ilm-fan, texnika, ta’lim-tarbiya, san’at va madaniyat, tibbiyot, diplomatiya, moliya-kredit, mashinasozlik va boshqa sohalarni rivojlantirish, mazkur sohalarda faol qo‘llanadigan so‘z va atamalarni tizimga solish, ular ustida ilmiy izlanishlar olib borish zarur. Bunda fanlararo integratsiyaga alohida ahamiyat berish darkor. Boisi jahondagi ilg‘or xalqlar o‘z tillari ustida jiddiy izlanishlar olib borib, tilshunoslikning yangidan-yangi yo‘nalishlariga asos soldi. Bugun tilshunoslikda areal lingvistika, matematik lingvistika, geografik lingvistika, etnolingvistika, sotsiolingvistika, psixolingvistika kabi sohalari bilan birgalikda kognitiv lingvistika, ekolingvistika, biolingvistika, korpus lingvistikasi, gender linvistkasi, internet-lingvistika, kognitiv lingvistika, neyrolingvistika, mentalingvistika singari zamonaviy yo‘nalishlari paydo bo‘ldi va jadal rivojlanmoqda. Ushbu yo‘nalishlar globallashuv sharoitida fanlarning bir-biriga ta’siri, integratsiyalashuvi natijasida yuzaga kelgan. Bizning oldimizda yuqoridagi yangi yo‘nalishlarning barchasida bemalol ishlay oladigan filologlar va ular bilan birga ishlaydigan boshqa soha vakillarining yangi avlodini tayyorlab berishdek ulkan vazifa turibdi.
Jiddiy o‘ylash fursati keldi
Aytish joiz, mustaqillik yillarida yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlariga monand ravishda binolarimizga mos nomlar qo‘yildi. Ular “Davlat tili haqida”gi qonun talablariga to‘la javob beradi. “Turkiston” saroyi, “Aziz mehmon” mehmonxonasi, “Rayhon” oilaviy restorani, “Keng makon” ishlab chiqarish korxonasi, “Jayron” ekomarkazi, “Zabardast” fermer xo‘jaligi, “Zebo” saloni, “Fazo” restorani, “Bolajon” supermarketi kabi. Bunday nomlarni muhtasham binolarimiz chiroyiga yarashib tushgan.
Ammo "Plaza”, “Bravo”, “Golden chiken”, “Miss Sanam”, “Topolina inter star”, “Ideal”, “Elegant”, “Z OIL”, “Eldarado”, “EVER MEN”, “Petrol” singari nomlar ustida jiddiy o‘ylab ko‘rish vaqti keldi. Dunyo tillarida neyming, brendologiya degan yo‘nalishlar bor. Har qanday nom nom qo‘yish andozalariga, talablariga mos kelishi hisobga olinadi. Nom qo‘yishda milliylik, hududiylik, qisqalik, aniqlik, tushunarlilik tamoyillariga amal qilinadi. Yuqoridagi nomlarning birontasida bu jihatlarga rioya etilmagan. Nom qo‘yishda xorijga taqlid, ko‘r-ko‘ronalik ko‘rinib turibdi. “Indaba”, “Nek star”, “Rayyona Ishonch-servis X.K”, “Alyor teks”, “Rash milk”, “Dinur-lend”, “Chinkamol”, “Asklepiy” singari nomlar o‘zbek xalqi va o‘zbek tili uchun hech qanday ma’no anglatmaydi. KKBFMNKM viloyat boshqarmasi, “Xorazm Diyor, Maks servis”, “Aloqa Print” MChJ, “Asaka MAK MChJ”, “Aloqa “Samosherteks”, "O‘z-Dong Ju Peint Ko" MChJ, “Merastekstil”, “SulSherJahon” singari nomlarning ma’nosini tushuntirib berishga til ojiz...
Ertaga nima deymiz?!
Bu kabi nomlarga indamaslik ona tiliga bepisandlik demakdir. Burger yonida nonburger, drujbaburger, Xadra non-burger paydo bo‘ldi. Asta-sekin tarqalish maydoni kengayib bormoqda. Bilmaymizki, nom ostida g‘oya, mafkura yotganini. Jahon maydonida gegemonlikni da’vo qilayotgan davlatlarning dunyoni qaytadan bo‘lib olish umidida yadroviy qurollardan ko‘ra, mafkuraviy yo‘l bilan boshqa xalqlarni bo‘ysundirishga ishtiyoqi ortgan bir paytda bu kabi holatlarga indamasdan, mutelik bilan, uzoqni o‘ylamasdan turib yondashish, shaxsiy qiziqishlardan kelib chiqqan holda do‘koniga, firmaga, fermer xo‘jaligiga, mehmonxonaga duch kelgan nomni qo‘yib olish to‘g‘ri emas. Shunday qilsak, o‘zbekchiligimiz qaerga ketadi?! Ertaga keyingi avlodga nima deymiz?! Bu tilimizning qashshoqligi, kambag‘alligi nishonasi emas, balki mutasaddi shaxslarning e’tiborsizligi, til savodsizligi tufaylidir.
Kim bizga e’tiroz bildirdi? Hech kim!
Qarang, qanday chiroyli, betakror nomlarimiz bor: Yashnobod, To‘qqizariq, Qo‘shariq, Islomobod, Dalvarzintepa, Sardoba, Varaxsha, Bog‘ibaland, Zarkamar, Sangardak, O‘g‘uzrabot, Xosiyon, Nasaf, Cho‘ponota, Saqichmon, Bo‘rijar, Taxtapul, Uchbuloq, Qalandarxona, Oydinbuloq, Mingchinor, Kujgon, Ulug‘nor, Sarbontepa, Qatorterak, Axsikent, G‘ishtko‘prik, Yangiqo‘rg‘on, Moybog‘cha, Mirpo‘stin va hokazo. Faqat joy nomlarining respublika zaxirasida 87 mingta shunday nom bor ekan.
Turmush tarzimizning o‘zgarishi, yangiliklarning ta’siri natijasida ichki imkoniyatlar asosida “Tarona”, “Tasanno”, “Nihol”, “Islom nuri”, “Hidoyat” kabi birliklarning paydo bo‘lishi bu – tilimizning jilolanishi, yangicha talqinlarda bo‘y ko‘rsatishi demakdir. Shu tarzda o‘zbekcha yoki xorijiy bo‘lsa ham tilimizga mos nomni qo‘ysak, kim bizga e’tiroz bildirdi? Hech kim! Nom qo‘yishda kelajak umidi bilan yondashish har birimizning ona tilimiz oldidagi farzandlik burchimiz va vazifamizdir. Buni aslo unutmasligimiz kerak.
O‘rni kelganda shu narsani ham ta’kidlash joiz: har bir milliy til boshqa tillardan ayricha yashamaydi, insonlar bir-birlari bilan muomala-munosabatlarda bo‘lgani kabi tillar ham bir-birlari bilan doimiy aloqada yashaydi. Shu bois bir tildan ikkinchi tilga so‘zlarning o‘tib turishi qonuniy hol sanaladi. Paynet, reyting, kollej, litsey, shou, dizayner, litsenziya, biznes, kredit, terminal, tender, sayt, kompyuter, ayfon, smartfon, noutbuk, fleshka, virus, antivirus, planshet, displey, kasting, firma, ofis kabi so‘zlarning kundalik hayotimizda ishlatilishiga hech kim ajablanmay qo‘ydi. Ularning har biri o‘z ma’nosiga, ishlatilish ko‘lamiga ega. Misol uchun, karving – meva va sabzavotlardan kompozitsiya ishlash, laparoskopiya – chandiqsiz jarrohlik usuli demakdir.
O‘z navbatida, o‘zbek kurashi orqali dunyoning ko‘plab davlatlari tiliga tarqagan chala, dakki, g‘irrom, halol singari o‘zbek so‘zlarini boshqa xalqlar ham to‘g‘ri qabul qilishdi.
O‘zbek tili dunyodagi eng boy va chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan buyuk tillardan biridir. Ona tilimiz yurtimizdagi qadim va muqaddas, mo‘jizaviy buloqlardek toza va musaffo, iste’molga doim yaroqli bo‘lishi shart. Uning ichki imkoniyatlari cheksiz va mislsizdir. Undan o‘rinli foydalanish, tilning sofligi, tabiiyligi uchun kurashish, og‘zaki va yozma nutqda til me’yorlariga to‘liq rioya qilish, ona tilining buloqdek musaffoligini, tarovatini saqlab qolish barchamizning elu yurt oldidagi sharafli va ayni chog‘da muqaddas burchimizdir.
Abdulxay SOBIROV,
filologiya fanlari doktori,
professor.