Tibbiyotdagi kamchiliklar muhokama qilindi
Samarqand viloyatida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, dori vositalari savdosini tartibga solish va soha xodimlari mas’uliyatini kuchaytirish masalalari muhokama etildi.
Viloyat, tuman va shahar hokimliklari, tibbiyot sohasi mas’ullari ishtirok etgan yig‘ilishda viloyat hokimi E.Turdimov bundan ikki oy oldin o‘tkazilgan ushbu masala tanqidiy muhokamasidan so‘ng nimalar o‘zgargani, qayd etilgan kamchiliklardan mutasaddilar qanday xulosa chiqarganiga e’tibor qaratdi.
– Muhokama davomida qayd etilgan kamchiliklarni tuzatish, tibbiyot muassasalaridagi asl holatni aniqlash va ularga amaliy yordam ko‘rsatish, farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan edi, – dedi viloyat hokimi. – Tegishli telegram guruhda kundalik ma’lumotlar yig‘ib borilishi belgilangandi. Viloyat ishchi guruhi tomonidan joriy yilning yanvar oyida telegram guruhiga 648 ta ma’lumot yuklangan bo‘lib, ularning deyarli 60 foizi real muammolarni aks ettirgan bo‘lsa, qolganlari shunchaki nomiga joylashtirilgan ma’lumotlar xolos. Samarqand shahri va Nurobod tumanidagi ayrim tibbiyot muassasalarida belgilangan vazifalarni bajarishda ishchi guruh mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan, birorta ham muammo aniqlamagan. Hududlar bo‘yicha tahlilar shuni ko‘rsatmoqdaki, hanuzgacha xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida jiddiy va, eng achinarlisi, odamlarni norozi qiladigan kamchiliklar bor.
Shuningdek 10 tadan 15 gacha dori vositalarini belgilangan retsept blankalarida yozmayotgan tibbiyot xodimlari uchramoqda.
Muhokama davomida Erkinjon Turdimov viloyatdagi dorixonalar mas’ullari va shifokorlarga O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qabul qilingan me’yorlar asosida faoliyat ko‘rsatishi zarurligini eslatdi. Belgilangan tartibga rioya qilmaganlar faoliyatiga tegishli organlar tomonidan huquqiy baho berilishi aytildi.
Muhokama jarayonida aniq misollar yordamida tibbiyot muassasalarida bemorlar uchun zarur shart-sharoit yaratilmagani, noto‘g‘ri davolash usullari bilan bog‘liq muammolar qayd etildi. Jumladan, Urgut tibbiyot birlashmasida bemorlar laboratoriya, kompyuter tomografiyasi tekshiruvlari uchun xususiy sektorga yuborilayotgani aytildi. Vaholanki bu turdagi jihozlar va xizmatlar tuman tibbiyot birlashmasida ham mavjud.
Shuningdek, yig‘ilishda tibbiyot tizimidagi korrupsion holatlar, tanish-bilishchilik davom etayotganligi ta’kidlandi. Birgina Kattaqo‘rg‘on tumanida 304 ta o‘rta tibbiyot xodimi 0,5 stavkada faoliyat olib borayotgan bir paytda tibbiyot birlashmasi tomonidan yana 66 nafar o‘rta tibbiyot xodimi ishga qabul qilingan.
Pastdarg‘om tumanida ham mavjud xodimlarni to‘liq ish stavka bilan ta’minlash o‘rniga 76 nafar xodim yarim stavkada ishga olingan.
Muhokama davomida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq muddat bilan mas’ullar oldiga vazifalar qo‘yildi. Ushbu masala yana bir oydan so‘ng muhokama etilishi belgilandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri