Tibbiyot xodimlari kuni nishonlandi
Jizzax viloyati hokimligi anjumanlar saroyida tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda sog‘liqni saqlash muassasalarida aholi salomatligini saqlash, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan soha jonkuyarlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etib, bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda zamonaviy tibbiyotning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, shu bilan birga shifokorlarga ham alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.

Bayram munosabati bilan sohada faoliyat yuritayotgan ko‘plab fidoyilar davlatimiz rahbarining farmoniga asosan yuksak mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Jumladan, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining boks-brutsellyoz bo‘limi mudiri Hamida Bobokeldiyeva II darajali “Calomatlik” ordeni, Zomin tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat-uyi hamshirasi Adolat Mo‘minova “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani barcha soha vakillariga quvonch ulashdi. Mukofotlarni viloyat hokimi Ergash Saliyev tantanali ravishda o‘z egalariga topshirdi.

Shuningdek, bayram munosabati bilan sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘iga asosan bir guruh tibbiyot xodimlariga “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni ham topshirildi. Bundan tashqari, ish faoliyatida alohida o‘rnak ko‘rsatgan tibbiyot xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ularga mukofotlarni viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Savurboyev hamda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ozoda Mahmudova topshirdi.
Respublikamiz poytaxtidan kelgan san’atkorlar va viloyatning iqtidorli yoshlari tomonidan namoyish etilgan bayram konsert dasturi yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri