Tibbiyot xabarlari
Mamlakatimizda onkologiya va radiologiya sohasini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda ilg‘or xorijiy amaliyotga asoslangan zamonaviy yuqori texnologiyalarni amaliy jarayonga keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda xalqaro "Gustave Roussy International" O‘zbekiston tibbiyot markazida Ilmiy kengashning navbatdagi 7-yig‘ilishi yuqori saviyada tashkil etildi.
Anjumanning kun tartibidan sohaning eng dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan muhim masalalar o‘rin oldi. Xususan, yig‘ilishda tibbiyot fanlari nomzodi Ziyoda Irmatovaning «Radiatsion xalokatlarda tibbiy yordam ko‘rsatish va nur terapiyasi bo‘yicha o‘quv markazining 2025-yil yakunlari hisoboti» tinglandi. Shuningdek, onkoginekologiya bo‘limi ilmiy rahbari, tibbiyot fanlari doktori Nargiza Zaxirova tomonidan «Bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash dasturini takomillashtirish maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga asoslangan xalqaro tadqiqotlar haqida ma’lumot» taqdim etildi.
Tadbir davomida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan amaliy ishlar, xalqaro ilmiy tajribalar hamda zamonaviy innovatsion yondashuvlarni tibbiyot amaliyotiga tatbiq etish istiqbollari yuzasidan keng qamrovli fikr va mulohazalar almashildi.
***

Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga xizmat ko‘rsatuvchi Ijtimoiy himoya majmuasi faoliyati bilan tanishdi.
Muloqotda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berib o‘tdi.
Uchrashuvda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza jarayonlarini muvofiqlashtirish, reabilitatsiyaga yo‘naltirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga zarur xizmatlarni manzilli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar fuqarolarni tibbiy va ijtimoiy xizmatlarga yo‘naltirishni muvofiqlashtirish, ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda aholiga kompleks xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.
***

Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudov Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli vakillari — «Xitoy Shifo» klinikasi direktori Xan Shuyong hamda Shanxaydagi «Shanghai Jinshan Medical Technology» kompaniyasi rahbari Luan Fey bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ilmiy, tibbiy, innovatsion va investitsion hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy tibbiyot hamda xalq tabobati yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashishdan iboratdir. Shuningdek, muloqot chog‘ida Xitoyning eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy innovatsion tibbiyot uskunalari hamda yuqori texnologik jarrohlik jihozlarini o‘rganish, ularni mamlakatimiz tibbiyot tizimiga jalb etish masalalari tegishli tibbiy markaz va tashkilotlar bilan hamkorlikda chuqur tahlil qilinishi qayd etildi.
Tomonlar kelgusidagi keng ko‘lamli xalqaro hamkorlik aloqalarini har tomonlama mustahkamlash va uni mustahkam huquqiy baza — maxsus Memorandum asosida tashkillashtirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi. Mazkur hamkorlik tibbiyot sohasidagi yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
***

Navoiy viloyatida tibbiyot o‘lchash vositalarining aniqligi va ishonchliligini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyati Xatirchi tuman tibbiyot birlashmasi hamda Navoiy shahar Markaziy shifoxonasida metrologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Metrologiya xizmati mutaxassislari tomonidan Xatirchi tuman tibbiyot birlashmasida 29 dona, Navoiy shahar Markaziy shifoxonasida esa 48 dona tibbiyot o‘lchash vositasi ko‘rikdan o‘tkazilib, jami 77 dona uskunaning texnik va metrologik ko‘rsatkichlari amaldagi me’yoriy talablarga muvofiqligi baholandi.
Tibbiyotda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalarining aniqligi tashxis qo‘yish va davolash jarayonlarining ishonchliligida muhim ahamiyatga ega. Shu bois bunday uskunalarni belgilangan muddatlarda metrologik nazoratdan o‘tkazish zarur.
Aniqlik talablariga javob bermaydigan yoki ishonchsiz natija ko‘rsatayotgan o‘lchash vositalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Uskunalarning soz holatda saqlanishi, ulardan to‘g‘ri foydalanilishi va o‘z vaqtida metrologik tekshiruvdan o‘tkazilishi uchun tibbiyot muassasalarining mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadi.
Tekshiruvlar davomida mutaxassislarga tibbiyot o‘lchash vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, ularni saqlash va belgilangan muddatlarda metrologik nazoratdan o‘tkazish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA