
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va “The United Laboratories” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda investitsiyalar, shuningdek, “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri loyihasi doirasida taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor rivojlanayotgan farmatsevtika sohasiga qiziqish bildirgan investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga qaratildi. Kompaniya vakillari loyihada ishtirok etishga qiziqish bildirib, investitsiya kiritish uchun taklif etilayotgan shartlar, jumladan, imtiyozlar, ijara bo‘yicha preferensiyalar va loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash bilan batafsil tanishdi.
Muhokama davomida investorlar uchun huquqiy va ma’muriy kafolatlar, shuningdek, innovatsion texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi ilmiy muassasalar va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuv konstruktiv va ishchan ruhda o‘tdi, tomonlar kelgusida hamkorlik qilish va sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
***
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasida davlatimiz rahbari raisligida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Qo‘mita raisi B.Yusupaliyev Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar dolzarb ekanini ta’kidlab, sohada uchrayotgan kamchiliklar, bartaraf etishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.
***
Yaponiyada bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro tibbiy buyumlarni tartibga soluvchi organlar forumi 27-sessiyasida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi“ DM IMDRFga rasman a’zolikka qabul qilindi.
***
Milliy tibbiyot markazining malakali ortoped-jarrohlari tomonidan baxtsiz hodisa natijasida qo‘llari jarohatlangan va teri defektlari yuzaga kelgan bemorda muvaffaqiyatli operatsiya amalga oshirildi. Jarrohlik amaliyoti davomida bemorning sonidan teri ko‘chirib o‘tkazildi.
Hozirda bemorning ahvoli qoniqarli bo‘lib, teri oziqlanishni boshladi. Shifokorlar transplantatsiya qilingan terining yaxshi moslashayotganini qayd etib, bemorning tiklanish jarayoni ijobiy kechayotganini ta’kidladi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu operatsiya orqali bemorning qo‘l funksiyalarini saqlab qolish va teri regeneratsiyasini ta’minlashga erishildi.
M.Qosimova tayyorladi, O‘zA