Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi litsenziatlar hamda litsenziyalovchi komissiyaning 2024 yil 3 oktyabrdagi qaroriga binoan bekor qilingan litsenziyalar ro‘yxati, shuningdek, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish va olib chiqish uchun berilgan sertifikatlar va tranzit ruxsatnomalar to‘g‘risidagi axborotlar yangilandi.
Ushbu ma’lumotlar bilan Markazning rasmiy veb-sahifasida tanishish mumkin.
***

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buvayda tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro M.X. inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi 6 dona “Tropikamid” va 14 dona “Pregabalin” nomli dori vositalarini fuqaro A.A.ga 2 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi Departamentning Urganch shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.M. fuqaro M.X.ga 468 ta kapsula kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 1,5 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Oltinsoy tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “X.-N.” xususiy korxonasiga qarashli dorixona sotuvchisi X.M. xaridorga kirim hujjatlari bo‘lmagan 250 dona “BENZONAL” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 750 ming so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Shayxontohur tumani bo‘limi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham “G.P.“ MCHJga qarashli dorixona sotuvchisi M.S. xaridorga shifokor retseptisiz tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan 3 quti “BENZONAL” nomli dori vositasini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonadan 170 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
***

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Farmakologiya qo‘mitasi raisi S.Abdullayev boshchiligida qo‘mita Ilmiy va ekspert kengashining 16-sonli majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda yurtimizda ro‘yxatdan o‘tkazishga tavsiya etilgan 9 nomdagi, ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasini amal qilish muddatini uzaytirishga tavsiya etilgan 27 nomdagi, normativ hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uchun taqdim etilgan 39 nomdagi xorijiy va mahalliy, kilinik tadqiqot o‘tkazish uchun tavsiya etilgan 1 nomdagi mahalliy dori vositasi masalalari muhokama qilindi.
Kengash xulosasiga muvofiq, yakuniy hisobotlar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Ekspertlar kengashida ko‘rib chiqiladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, amal qilish muddati uzaytirilgan hamda normativ hujjatlariga o‘zgartirish kiritilgan 498 nomdagi dori vositasi haqidagi ma’lumotlar elektron bazaga joylandi.
Xorijiy va mahalliy dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uchun Farmakopeya qo‘mitasiga taqdim etilgan 95 nomdagi dori vositasi hujjatlari ekspertiza qilindi.
***

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda olingan farmatsevtika mahsulotlari Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkazildi.
262 turdagi 4291 o‘ram jumladan, 85 turdagi 1745 o‘ram davlat ro‘yxatidan o‘tgan va muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan, 110 turdagi 2140 o‘ram davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan, 65 turdagi 200 o‘ram yaroqlilik muddati tugagan, sifatsiz, 2 turdagi 206 o‘ram (Vabenzim-E №200 tabletka, Zardeks 300 mg kapsula) qalbakilashtirilgan farmatsevtika mahsulotlariga tibbiyot amaliyotida qo‘llash mumkinmasligi bo‘yicha xulosa berildi.
Kafolatlanmagan mazkur dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
***

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘rinbosari Nozim Berdiyev boshchiligidagi ishchi guruh Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli ko‘rsatmasiga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar bilan joylarda sayyor qabullar o‘tkazib kelmoqda. Ana shunday tadbirlardan navbatdagisi Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Unda muammolari hal bo‘lmaganligi sabab takror murojaat yo‘llagan SEEM “Samarkand England Eco – Medical” (infuzion eritmalar, tabletkalar va kapsula shakldagi dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan) qo‘shma korxonasi hamda “Optima Sobirjon” (nitril hamda rezina tibbiy qo‘lqoplar ishlab chiqaruvchi) MCHJ vakillari bilan uchrashildi.
Muloqotda korxona mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishdagi muammolar bo‘yicha takliflar va murojaatlar tinglanib, ishlab chiqaruvchilarga qonunda belgilangan tartibda vakolat doirasida amaliy yordam ko‘rsatish hamda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida texnologik talablarga to‘liq rioya qilish, xomashyo sifati va mahsulot xavfsizligini ta’minlash hamda sotuvga chiqarilishidan oldingi barcha jarayonlar nazoratga olinishi muhimligi tushuntirildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA