Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Poytaxtimizda O‘zbekiston terapevtlarining xalqaro forumi o‘tkazilmoqda. “Ichki kasalliklarning dolzarb muammolari” mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimiz hamda Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston va Tojikiston olimlari, terapevt-shifokorlari, tibbiyot mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Forumni Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova kirish so‘zi bilan ochdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, O‘zbekiston terapevtlar assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda yurak-qon tomir, oshqozon-ichak kasalliklari, revmatologik va pulmonologik xastaliklarni tashxislash, davolash hamda reabilitatsiya qilish sohasida yangi innovatsion tibbiy texnologiyalar, ilg‘or usullar muhokama qilinmoqda.
***
Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Yevropaning THE Times Higher Education nomli nufuzli universitetlar xalqaro reytingi tomonidan “THE University Impact Forum: Health & Well-being 2024” forumi tashkil etildi.
Unda dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan tajribali olimlar ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalaridan ilk marotaba spiker sifatida Toshkent tibbiyot akademiyasining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor Sh.Boymuradov qatnashdi.
Forumda BMTning Barqaror rivojlanish dasturlari, jumladan, “SDG 3 health and well-being” sog‘liqni saqlash va farovonlikni ta’minlash, shuningdek, universitetlarning asosiy kasalliklar hamda sharoitlarni o‘rganish, sog‘liqni saqlash kasblarini qo‘llab-quvvatlash, talabalar va xodimlar sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik qilishda tutgan o‘rni muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbirda dunyoning yetakchi universitetlari olimlari bilan o‘zaro tajriba almashildi.
***
Toshkentda 2024-2028 yillarda O‘zbekistonda aholi salomatligi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini qabul qilish bo‘yicha siyosiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalarini bajarish uchun mas’ul bo‘lgan barcha tegishli vazirlik va idoralarning muvofiqlashtiruvchilarini o‘z ichiga olgan ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan harakatlar rejasi muhokama qilindi.
***
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Z.Ermatov Qirg‘iz Respublikasi Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi rahbari A.Mukanov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar sohaga oid qator masalalar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, Qirg‘iz Respublikasi aholisi tibbiy sug‘urta bilan qamrab olingani, sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish mexanizmlari, kafolatlangan paket hajmlari hamda bepul dori-darmon vositalarini taqdim etish tartibi bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi rahbari A.Mukanov O‘zbekiston Respublikasida aholini tibbiy sug‘urtalash tizimi yangi bo‘lishiga qaramasdan, o‘tgan qisqa davr ichida ulkan islohotlar amalga oshirilayotganini alohida e’tirof etdi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA