Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga yangi vazifalar yuklatildi
Prezidentimizning yangi Farmoniga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) etib qayta nomlandi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab Agentlikka quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:
nodavlat tibbiyot tashkilotlari tarmog‘ini rivojlantirish, ularning sog‘liqni saqlash tizimiga integratsiyasini ta’minlash, ilg‘or tibbiy texnologiyalarni joriy etish borasida ularni qo‘llab-quvvatlash;
tibbiyot tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar (keyingi o‘rinlarda – investitsiya)ni jalb etish, DXSH va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
davlat tibbiyot tashkilotlarini strategik rivojlanish dasturlari asosida boshqaruvga berishda ishtirok etish;
sog‘liqni saqlash tizimida “yagona darcha” tamoyili asosida mahalliy va xorijiy investorlarga konsalting va boshqa xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash;
sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning master rejasini ishlab chiqishga va uni takomillashtirib borishga ko‘maklashish.
Shuningdek, Agentlik ta’sischiligida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Health Invest” kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda – Kompaniya) tashkil etiladi.
Agentlik qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Agentlik direktoriga sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari uchun belgilangan vakolatlar beriladi hamda uning zimmasiga sog‘liqni saqlash sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, DXSH loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq vazifalar yuklatiladi.
O‘zA