Tibbiyot sohasiga Davlat byudjetidan qancha mablag‘ ajratilgan?
Parlament quyi palatasidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi muhokama qilinar ekan, sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar va ulardan foydalanish samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lum qilinganidek, 2026-yilning birinchi yarim yilligida tibbiyot sohasiga Davlat byudjetidan 22,7 trillion so‘m ajratilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,8 trillion so‘mga ko‘p. Ushbu mablag‘lar hisobidan 3 ming 839 ta tibbiyot muassasasi faoliyati ta’minlanmoqda.
Tibbiyot xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga 13 trillion 64,6 milliard so‘m, dori-darmon va zararsizlantiruvchi vositalarga 1 trillion 689,1 milliard so‘m yo‘naltirilgan.
Muhokamalarda fraksiya a’zolari ayrim tibbiy dasturlarda mablag‘larni o‘zlashtirish darajasi pastligini ta’kidlab, e’tiroz bildirdi. Masalan, allergik kasalliklarga chalingan bemorlarni zarur dori vositalari bilan ta’minlash dasturida ijro 20 foiz darajasida qolgan. Orfan va irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish yo‘nalishida ham mablag‘larni o‘zlashtirish past.

Deputatlar kam uchraydigan va irsiy kasalliklarga chalingan bolalar uchun zarur dori-darmon va tibbiy vositalarni xarid qilish jarayonida byurokratik kechikishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlab, byudjetdan yo‘naltirilayotgan mablag‘larni o‘z vaqtida o‘zlashtirish lozimligini aytib o‘tdilar.
Shuningdek, ijtimoiy to‘lovlarning manzilliligi va samaradorligini yanada oshirish, ehtiyojmand fuqarolarga ko‘maklashish kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratilib, bir qator takliflar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA