Tibbiy xizmat sifati yanada yaxshilanadi
Ozarbayjonlik transplantolog olim Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining maslahatchisi etib tayinlandi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ozarbayjonlik xalqaro miqyosda taniqli urolog-jarroh, transplantolog, tibbiyot fanlari doktori Rashad Sholanni qabul qildi. Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida aholiga urologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, viloyat aholisi uchun buyrak ko‘chirish amaliyoti o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xayrullo Bozorov 2022 yil iyun oyidan buyon viloyat sog‘liqni saqlash tizimi bilan hamkorlikda ish olib borayotgan doktor Rashad Sholanni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining maslahatchisi etib tayinlangani bilan qutlab, viloyat aholisi salomatligini muhofaza qilish ishiga qo‘shib kelayotgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Doktor Sholan maslahatchi lavozimida bolalar va kattalar uchun buyrak sohasida shu paytgacha xorijda amalga oshirib kelingan o‘ta murakkab jarrohlik amaliyotlarini viloyat tibbiyot muassasalarida mahalliy mutaxassislar ishtirokida yo‘lga qo‘yish, Farg‘onada buyrak plantatsiyasi sohasida mutaxassislarni tayyorlash hamda ularning doimiy malakasini oshirish masalalari bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, uning rahbarligida viloyat urologiya markazida viloyatimiz hududidagi urologik xizmat ko‘rsatuvchi barcha tibbiyot muassasalariga buyrak xastaligi bilan murojaat qilgan bemorlarning elektron umumiy monitoringini yuritish, kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda samarali davolashni o‘z ichiga oladigan tizim ham shakllantirilishiga ham kelishib olindi.
M.Sulaymonov, O‘zA