Tibbiy ta’lim: Kembrij universiteti bilan hamkorlik o‘rnatildi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Kembrij universitetining tibbiy ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qayd etilganidek, bugun O‘zbekistonda malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish va uni xalqaro talablarga moslashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda tibbiyot oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, nazariya va klinik amaliyot o‘rtasidagi uyg‘unlikni yanada kuchaytirish, talabalarning faoliyat ko‘nikmalarini oshirish, ularning bilimini baholashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlar boshlab yuborildi.
– Ushbu jarayonda Kembrij universitetini muhim ishtirokchilardan biri sifatida ko‘ryapmiz. Bu uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi, — dedi vazir.

Muloqotda qator hamkorlik yo‘nalishlari istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tibbiyot kadrlarini tayyorlash sifatini oshirish, zamonaviy va natijaga yo‘naltirilgan tibbiy ta’lim modellarini joriy etish, soha oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlarini kompleks tahlil qilish, ularni xalqaro yondashuvlar asosida takomillashtirish, Kembrij universitetining ilg‘or tajribasini milliy ta’lim tizimi xususiyatlari asosida bosqichma-bosqich moslashtirish shular jumlasidandir.
Tadbir davomida yaqinda bo‘lib o‘tadigan ikki kunlik amaliy seminar bu borada muhim platforma vazifasini o‘tashiga ishonch bildirildi.
Yakunda tomonlar hamkorlik aloqalari rivojidan birdek manfaatdor ekanligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun: Kembrij universiteti Buyuk Britaniyadagi eng qadimiy va jahonning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitetning tibbiyot maktabi dunyo bo‘ylab ilg‘or ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy klinik amaliyot va yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash borasida yetakchi o‘rinlarni egallaydi.
Mohigul Qosimova, O‘zA