Tibbiy jihozlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Sirdaryo viloyatida yirik miqdordagi stomatologiya jihozlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Viloyat bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tibbiy jihozlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tezkor ma’lumotlar asosida kuzatuvga olingan fuqaro boshqaruvidagi avtotransport vositasi Guliston shahri hududida to‘xtatilib, belgilangan tartibda chuqur ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv jarayonida avtomashina yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlarsiz va sifati kafolatlanmagan stomatologiya jihozlari mavjudligi aniqlandi.
Jami 120 turdagi 17 ming 477 dona tibbiy buyumning umumiy qiymati qariyb 371 million so‘mni tashkil etmoqda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv davomida tovarlarning kelib chiqish manbasi, yetkazib berish zanjiri hamda javobgar shaxslar aniqlanmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ta’kidlanishicha, tibbiy mahsulotlarning noqonuniy aylanmasi aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lib, bunday holatlarga qarshi kurashish bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil davom ettiriladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri