Tez tibbiy yordamda yangi tizim
Farg‘ona tez tibbiy yordam yangi tizimda ishlay boshladi. Ya’ni, viloyatdagi barcha shahar-tuman tez tibbiy yordam bo‘limlari birlashib, hududlar markazdan uzoqligiga qarab beshta kenglikka bo‘lindi. Endi chaqiruvga, ma’muriy hududiy mansubligiga qarab emas, balki qaysi kenglikda joylashganiga qarab eng yaqin bo‘linma tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.
–Buning uchun yagona qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish va tibbiy yordam guruhi qo‘lida planshetlar bor. Murojaatchidan so‘rov qabul qilingach 1-2 daqiqada guruhga yetib boradi, guruh esa manzilga 10 daqiqagacha yetib bormoqda. Bu yutuq, albatta, – deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi Farg‘ona filiali direktori o‘rinbosari Azamat Abduraxmonov.
“Call” markazi bir minutda 60 tagacha qo‘ng‘iroq qabul qilish imkoniyatiga ega. Endi ma’muriyat hududga bog‘liqlikning bekor qilinishi natijasida transport harajati va sarflanadigan vaqt tejalmoqda.

Umuman olganda tizimdagi islohotlar tufayli tez tibbiy yordam chaqiriqlari kamayib bormoqda. Holbuki Farg‘ona viloyati chaqiriqlar soni borasida ham mamlakatda “yetakchi” edi. Surunkali kasallik bilan og‘rigan bemorlarni oilaviy poliklinikalarga biriktirish, uning shifokorlari tomonidan muntazam nazorat tashkil etish natijasida o‘tgan yilning 6 oyiga nisbatan bu yil 6 oyda tez yordam chaqiruvi 22 mingtaga kamaydi.
Yana bir jihat, yangi markaz o‘z faoliyatining sifatini yanada yaxshiladi. Ilgari bitta xizmat turiga uchta idora rahbar edi. Ya’ni, tizim avtomashinalariga viloyat, tibbiyot xodimlariga shahar-tuman sog‘liqni saqlash bo‘limlari, dori darmonga esa respublika tez tibbiy yordam markazi mas’ul edi.

–Hozir esa dori darmon ham o‘zimizda, avtomashina, yoqilg‘i, tibbiy jihozlar o‘zimizda, – deydi Azamat Abdurahmonov. – Damas Volkswagen Caddy, Hyundai avtomashinalariga almashtirilishi, tog‘li hududlar uchun yo‘l tanlamas avtomobillar olib kelish rejalashtirilmoqda.
Tez tibbiy yordam xodimlari mehnatini baholash va rag‘batlantirishning innovatsion tizimi ham qo‘llana boshladi. Endi sohaning har bir xodimi faoliyati belgilangan me’yorlar asosida darajalab boriladi. Ish haqi ham ko‘rsatgan natijasiga bog‘liq.
Xullas, bugundan Farg‘onada aholi tez tibbiy yordam tizimi samarasini his qila boshlaydi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/tQajxle9DHo?si=S18Kj2ZuwXjy63LW" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvichi: Elyor Olimov