Termizlik ona 12 million so‘m aliment to‘ladi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudining 2021 yil may oyidagi sud buyrug‘iga asosan Sh. Misirovadan voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun sobiq turmush o‘rtog‘i, ya’ni bolaning otasiga aliment undirish belgilangan.
Ijro hujjati bo‘yicha qarzdor ona yashash manzilida yo‘qligi va uning qayerda ekani noma’lum bo‘lgani uchun unga nisbatan MIB Termiz tuman bo‘limi tomonidan qidiruv e’lon qilingan edi.
Byuroning viloyat boshqarmasi qidiruv sho‘basi tomonidan olib borilgan qidiruvlar natijasiga ko‘ra, qarzdor ona 2018 yilda Rossiya Federatsiyasida ishlayotgani uchun tezkor ma’lumotlar asosida Sh.Misirovaning telefon raqami aniqlanib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingani va qidiruv tadbirlari olib borilayotgani haqida ogohlantirildi. Qarzdor ona bilan tegishli tushuntirishlar olib borilgach, uning yaqin qarindoshlari orqali 12 million so‘m aliment qarzdorligi undiruvchining nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to‘lab berildi.
Sh.Misirovaning barcha aliment qarzdorligi qoplangani sababli unga nisbatan elon qilingan qidiruv bekor qilinib, ijro ishi tamomlandi.
Aslida bu ham onaning o‘z farzandiga bo‘lgan mehrining bir namunasidir. Ming afsuski, jamiyatda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan otalar yo‘q emas.
Ulug‘bek Xaydarov, MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi qidiruv sho‘basi inspektori
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri