Termizda “Adliya sayli” tashkil etildi
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi San’at saroyida Surxondaryo viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilish kerak” shiori ostida “Adliya sayli” tashkil etildi.
Tadbirda davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, aholini o‘z faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Ularga huquqiy xizmat ko‘rsatdi.
Jarayonda huquqiy ma’lumotlar keng targ‘ib qilindi. Ishtirokchilar ijtimoiy faollikka chorlandi. Aholiga bepul huquqiy maslahatlar berish maqsadida viloyatdagi barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan maslahat burchaklari tashkil qilinib, ularni qiziqtirgan masalalarda huquqiy tavsiyalar berildi.
Huquqiy sayl davomida viloyat adliya boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari ishtirokida sayyor qabullar tashkil etilib, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Shu bilan birga, xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda psixologik seminar-treninglar, yoshlarni huquqiy bilimini tekshirish maqsadida huquqiy viktorinalar, tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi tomonidan tushuntirish ishlari tashkil etildi.
Sportchilar va harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari tadbirga ko‘tarinkilik baxsh etdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat),O‘zA