Termiz va Xayrabodda ibratli harbiy oilalar aniqlandi
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi Termiz garnizonida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasiman!” shiori ostida “Ibratli harbiy oila” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda harbiy xizmatchilarning oilalari “Oilam – mening baxtim”, “Men uddaburon oila bekasiman”, “Farzandim – dilbandim”, “San’atim – saodatim” shartlarida bellashib, sahnada o‘z mahoratlarini keng namoyish etdi.
Vatan posbonlari oilalari o‘rtasida an’anaviy o‘tkazib kelinadigan tanlov harbiylar oilalarining ijodiy salohiyati, yuksak intellektual qobiliyati va axloqiy fazilatlarini keng tarannum etib, har taraflama ibratli oilalarni kashf etish hamda ularni munosib rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Tanlovda ishtirok etgan oilalar har bir shartga xizmat burchini bajarayotgan hududning milliy urf-odatlari va an’analari, kuy-qo‘shiqlari uyg‘unligida tayyorgarlik ko‘rgani va ko‘pming yillik qadriyatlarimizga hurmatlari cheksiz ekanini namoyon etgani barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Ko‘rik-tanlov yakunida faxrli birinchi o‘rinni kichik serjant Umidjon Karimovlar oilasi egalladi. Ikkinchi o‘rin serjant Ilhom Julbekovlar, uchinchi o‘rin kichik serjant Husniddin O‘rayevlar oilasiga nasib etdi.
Shuningdek, Xayrabod garnizonida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasiman!” shiori ostidagi “Ibratli harbiy oila” ko‘rik-tanlovi ham qiziqarli sahna ko‘rinishlariga boy bo‘ldi.
G‘olib va sovrindor yurtimiz qo‘riqchilari oilalariga harbiy qism komandirlarining diplom hamda esadlik sovg‘alari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri