Termiz chinnilari eksport qilinadi
Termiz shahrida zamonaviy jihozlangan chinni buyumlari ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi.
Termiz shahrida zamonaviy jihozlangan chinni buyumlari ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tadbirkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor ushbu tarmoqni yanada taraqqiy ettirish, bandlik masalasini hal etish, aholini arzon va sifatli xalq iste’moli mollari bilan uzluksiz ta’minlashda yuksak samaralar berayotir. Yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan tadbirkorlar moliya institutlarining imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga xorij texnologiyasi asosida zamonaviy ishlab chiqarish korxonlari barpo etmoqda.
Ushbu “Surxon Termiz Chinni” korxonasini bunyod etish uchun “Aloqabank” Surxondaryo filialining 7 milliard 400 million so‘m kredit mablag‘idan foydalanildi.
– Xorijnikidan qolishmaydigan mahsulotlarimiz arzonligi va sifati bilan xaridorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi “Surxon Termiz Chinni” korxonasi ijrochi direktori R.Ne’matullaev. – Chinni buyumlarimizga hozirdanoq boshqa viloyatlardan ham buyurtmalar kelib tushmoqda. Kelgusida mahsulotning bir qismini xorijga eksport qilishni mo‘ljallamoqdamiz.
Korxona yiliga sakkiz million donagacha sifatli, arzon chinni mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Ayni paytda 150 nafar ishchi ikki smenada mehnat qilib, 14 turdagi xaridorgir, bejirim mahsulot ishlab chiqarmoqda. Ularning 88 nafari ayollar, 52 nafari kollej bitiruvchilaridir.
– O‘tgan yili Termiz san’at kollejini tugatgan edim, – deydi M.Majidova. – O‘z mutaxassisligim bo‘yicha zamonaviy korxonada ishlayotganimdan xursandman. Bu yerda samarali mehnat qilish uchun barcha sharoit mavjud. Sexlar yorug‘, keng va ozoda. Tayyorlanayotgan chinni buyumlarning yanada xaridorgir bo‘lishiga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman.
Navro‘z umumxalq bayrami arafasida ishga tushirilgan korxonada chinni buyumlar turini yanada ko‘paytirish hisobidan yuzga yaqin qo‘shimcha ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Mamaraimov so‘zga chiqdi.