Tennischilarimizning g‘alabalari
Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin Shveytsariyada o‘tayotgan Professional tennischilar uyushmasi tasnifiga kiruvchi xalqaro turnirni g‘alaba bilan boshladi.
Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin Shveytsariyada o‘tayotgan Professional tennischilar uyushmasi tasnifiga kiruvchi xalqaro turnirni g‘alaba bilan boshladi.
Nufuzli musobaqaning birinchi davrasida hamyurtimiz fransiyalik Maksim Tekseraga qarshi kortga chiqib, 6:0, 6:4 hisobida g‘alaba qozondi. Endi Denis ikkinchi davrada shveytsariyalik Xenri Laaksonen va portugaliyalik Joao Souza o‘rtasidagi uchrashuv g‘olibi bilan bahslashadi.
Tennis bo‘yicha O‘zbekiston xotin-qizlar terma jamoasi yetakchisi Nigina Abduraimova esa Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida WTA turkumiga kiruvchi “Baku Cup – 2015” musobaqasining saralash uchrashuvlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Nigina rossiyalik Kseniya Likinani 6:3, 6:4 hisobida, italiyalik Nastasya Byornettni 7:5, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, musobaqaning asosiy to‘r bahslariga yo‘l oldi.
Yosh tennischilarimizdan Temur Ismoilov va Sanjar Fayziyev ham Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tayotgan “Challenger” turkumidagi tennis turnirida muvaffaqiyatli qatnashmoqda.
Ushbu musobaqaning birinchi davrasida Temur Ismoilov qozog‘istonlik Denis Yevseyevni 3:6, 7:5, 6:3 hisobida yenggan bo‘lsa, Sanjar Fayziyev fransiyalik Aleksis Musialekdan 0:6, 7:6, 6:3 hisobida ustun keldi.