Tennischilarimiz navbatdagi g‘alabalar sari odimlamoqda
Joriy hafta davomida Hindiston, Turkiya va Tunis davlatlarida Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan erkaklar va ayollar o‘rtasida nufuzli musobaqalar tashkil etilmoqda. Biz uchun ahamiyatlisi, ushbu turnirlarda tennischilarimiz ham o‘z omadlarini sinab ko‘radi.
Jumladan, Turkiyada Sabrina Olimjonova W15 tasnifiga kiruvchi xalqaro turnirning saralash bosqichida o‘z ishtirokini boshladi. Sabrina ushbu bosqichning ilk uchrashuvida chexiyalik Ema Xaraydani 6:7, 6:1, 10:8 hisobida taslim qildi va ikkinchi davrada neytral tennischi Anna Karseva bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi.
Tennischimiz agarda ushbu bellashuvda g‘alaba qozona olsa, asosiy to‘rga yo‘llanma beruvchi uchrashuvda JAR vakili Jani Van Zil va neytral tennischi Vlada Gurileva bahsi g‘olibiga qarshi kortga chiqadi.

Shuningdek, mazkur turnirda yana bir vakilamiz Kamola Omonova to‘g‘ridan-to‘g‘ri asosiy to‘rga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi va hozirda u saralashdan o‘tadigan raqibini kutmoqda.
Tunisning Monastir shahrida o‘tayotgan W15 toifasidagi musobaqaning saralashida Milana Maslenkova mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Milana saralash bosqichining ikkinchi davrasida neytral tennischi Safiya Vedernikovaga qarshi o‘yin o‘tkazib, ikki setda bor-yo‘g‘i bitta geymni boy bergan holda zafar quchdi. Endi u saralashning finalida Fiji vakilasi Sirsha Brin bilan kuch sinashadi.
Erkaklar o‘rtasida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Humoyun Sultonov bu safar Mumbay shahrida boshlangan M25 tasnifidagi turnirda bosh sovrin uchun bahslarga kirishadi.
Tennischimizning bu yo‘ldagi ilk raqibi mezbonlar vakili Adil Kalanpur bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA