Tennischilarimiz muvaffaqiyatli odimlamoqda
Tojikistonning Dushanbe shahrida Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘smirlar o‘rtasida o‘tayotgan turnirda vakillarimiz yakkalik va juftlik bahslarida munosib ishtirok etmoqda.
Tojikistonning Dushanbe shahrida Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘smirlar o‘rtasida o‘tayotgan turnirda vakillarimiz yakkalik va juftlik bahslarida munosib ishtirok etmoqda.
Musobaqaning ikkinchi davrasida hamyurtimiz Said Akbarov rossiyalik Bogdan Seleznevni 7:6, 6:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, Maksim Shin yana bir rus tennischisi David Minnivalievni 5:7, 6:4, 6:4 hisobida yengdi.
Iste’dodli tennischimiz Samandar Abdumalikovga qarshi kortga chiqqan polshalik Yan Vaydemaer dastlabki setda 7:6 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va ikkinchi setni davom ettirishdan bosh tortdi. Shuningdek, Aziz Dadaboev rossiyalik Yakov Jornist ustidan 6:2, 2:1 hisobida ustun kelayotgan bir vaziyatda raqibi mag‘lubiyatini tan oldi.
Juftliklar o‘rtasida ishtirok etgan A.Dadaboev va britaniyalik Danil Veb tandemi yarim final bosqichida S.Abdumalikov va M.Shin duetiga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi. S.Akbarov hamda B.Rasamatov juftligi esa rossiyalik Artyom Gerasimchuk va latviyalik Edvard Teodors Lipinsni sinovdan o‘tkazadi.
Qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarining ikkinchi davrasida Angelina Fols qozog‘istonlik Darya Yelfimovani 7:6, 6:1 hisobida yenggan bo‘lsa, Setora Normurodova rossiyalik Elizabeta Stronginani 6:2, 6:4 hisobida taslim qildi. Shu tariqa chorak final bosqichiga yo‘l olgan Setora va Angelina navbatdagi bosqichga chiqish uchun o‘zaro raqobatlashadigan bo‘ldi.
Juftliklar o‘rtasida esa yosh tennischilarimiz F.Marimova hamda D.Kornilova, S.Normurodova va rossiyalik D.Yanotovskaya yarim finalga yo‘l oldi.