Tennischilarimiz g‘oliblikka da’vogar
Namanganda davom etayotgan Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) taqvimiga kiruvchi nufuzli turnirning yakkalik va juftlik bahslarida hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Namanganda davom etayotgan Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) taqvimiga kiruvchi nufuzli turnirning yakkalik va juftlik bahslarida hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarining ikkinchi davrasida Nigina Abduraimova ukrainalik tennischi Valeriya Strakovani har ikkala setda 6:2 hisobida yengdi. Hamyurtlarimiz Oqgul Omonmurodova va Sabina Sharipova ham raqibalari ustidan g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘l oldi.
Chorak finalda N.Abduraimova rossiyalik Anna Morgan bilan bahslashadi. S.Sharipova bolgariyalik Yuliya Terziskaya, O.Omonmurodova ukrainalik Nadiya Kichinokka qarshi kortga chiqadi.
Juftlik bahslarida turkiyalik Basak Eraydin va Sabina Sharipova chorak finalda ukrainalik Nadiya Kichinok va Valeriya Strakovani 6:4, 4:6, 10:6 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Sabina va Basak yarim finalda rossiyalik Anastasiya Komardina va bolgariyalik Yuliya Terziskayaga qarshi bahslashadi.
“Fyuchers” turkumidagi musobaqada ishtirok etayotgan Sanjar Fayziyev va Temur Ismoilov yakkaliklar bahsining ikkinchi davrasida g‘alaba qozondi. Chorak finalda T.Ismoilov serbiyalik Nikola Milojevich bilan, S.Fayziyev xitoylik Chuxan Vang bilan kuch sinashadi.
Tennischilarimiz juftlik bahslarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Jo‘rabek Karimov va Sanjar Fayziyev qozog‘istonlik Quatbek Abiyev va Qaysar Bekimovni 6:3, 6:1 hisobida, Timur Xabibulin va Pavel Soy juftligi qozog‘istonlik tennischilar Jonsulton Chembotayev va Bolat Mamirni 6:3, 6:4 hisobida yengdi. Humoyun Sultonov va qirg‘izistonlik Doniyor Duldayev ukrainalik Dmitro Ishtuganov va misrlik Karim-Muhammad Mamunni 4:6, 6:4, 12:10 hisobida mag‘lub etdi.