Temuriylar haqida so‘zlovchi tarixiy noyob asar
Insoniyat o‘z tarixi mobaynida ko‘plab fotihlar, sarkardalar va davlat arboblariga guvoh bo‘ldi. Ularning amalga oshirgan ishlari tarix zarvaraqlarida hanuz saqlanib, kelajak avlod uchun ibrat manbai bo‘lib kelmoqda.

Ana shunday buyuk shaxslardan biri, vatandoshimiz jahongir Amir Temur Ko‘ragondir. Uning hayoti, faoliyati, harbiy san’ati, jamiyat va davlat hayotida amalga oshirgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va harbiy islohotlari hanuz mutaxassislar nazaridan chetda qolmasdan, tadqiqot manbasi bo‘lib kelmoqda.
Amir Temur tuzgan davlat o‘z davrida g‘arbu sharqda shu qadar katta qudrat va ta’sirga ega bo‘lganki, o‘sha davrdagi jahonning har qanday davlati, uning madaniy qatlami Temur Ko‘ragon davlatida kechayotgan siyosiy yoki harbiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib borgan. Ayniqsa, ziyoli qatlam bu ishda fidoyilik ko‘rsatgan. Amir Temur faoliyati, hayot yo‘liga bag‘ishlangan asarlar dunyoga kelgan.
Uning zamondoshlaridan Nizomiddin Shomiy, Hofizi Abru, G‘iyosuddin Ali Yazdiy, Ibn Xaldun, Gonsales de Klavixo va Ibn Arabshoh kabilar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan-kechirganlari, ishtirok etgan voqea-hodisalarini bayon etib, o‘sha davr tarixiy jarayonlariga bag‘ishlab asarlar yozgan bo‘lsa, Amir Temur vafotidan keyin ham bu davlat asoslari va tartibotiga bo‘lgan qiziqish kamaymadi. Sharafuddin Ali Yazdiy, Bobur, Mirxond, Xondamir kabi muarrixlar asarlarida ham Temur Ko‘ragon va uning avlodlari asosiy mavzu bo‘ldi.

Yuqoridagi muarrixlar asarlari o‘rta asrlar tarixini o‘rganishda muhim manba ekanligiga shubha yo‘q. Negaki, ular aniq tarixiy tadrijiylikka asoslanib yozilgan asarlar sirasiga kiradi. Bular qatorida biz Amir Temurning “Temur tuzuklari” asarini aytishimiz mumkin.
Temur shaxsiyatiga bo‘lgan qiziqishning davrlar osha sira kamaymaganiga dalillardan biri shuki, Salohiddin Toshkandiy XX asr boshlariga kelib, “Temurnoma” nomi bilan tarixiy-badiiy asarini yozdi.
Biz nomlarini sanagan asarlarning deyarli barchasi o‘rta asrlarda yozilgan va asrlar osha ular bizgacha yetib kelgan.
Hozirgi kunda Temur tarixiga bag‘ishlangan yana bir asar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. U asar “Temurnomai manzuma” (“Nazmiy Temurnoma”) nomi bilan atalib, XV-XVI asrlarda yashab ijod etgan shoir va muarrix Abdulloh Hotifiy Xargirdiy Jomiy (1454-1521) qalamiga mansub. Adib Eronda temuriylar davrining nihoya topib, safaviylar davlatining kuchayishi pallasida yashab ijod qilgan. Lekin bu asar aksariyat tarixga qiziquvchilar nazaridan chetda qolib kelmoqda.
Muallif to‘g‘risida kelgan tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, u Abdurahmon Jomiyga qarindosh bo‘lgan. Uning bir necha asari mavjud bo‘lib, uni mashhur qilgan asari “Xamsa” dostoni hisoblanadi. Bulardan tashqari “Haft manzar”, “Futuhoti shohy” kabi boshqa asarlari ham mavjud.
Hotifiyning “Temurnoma” asari o‘ziga xos tarzda yozilgan she’riy-nazmiy asar bo‘lib, u nafaqat tarixiy balki badiiy qiymatga ham ega. Shuningdek, undagi voqealar rivoji, ya’ni mavzular tadrijiylik asosida keltirilganligi asarning o‘zidan oldingi muarrixlar asarlaridan ham yaxshi xabardorligini ko‘rsatib turibdi. Chunki u Husayn Boyqaro davlatining eng gullab yashnagan davridan bu davlatning inqirozigacha guvoh bo‘lgan, davrning eng yetuk allomalari Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Voiz Koshifiy kabi buyuklari bilan birga yashab, ularning ma’naviy olamidan yaxshi xabardor ham bo‘lgan. Mana shu jihatlarni e’tiborga olsak, asar Temur to‘g‘risida yozilgan boshqa zamondoshlarining uslubidan farq qiladigan o‘ziga xos tarzda yozilganligiga shubha yo‘q. Buni keyingi tadqiqotlar aniqlab beradi.
Bu asar Turkiya, Eron va Hindiston kutubxonalarida mavjud bo‘lib, hali yirik va maxsus tadqiq qilinmagan. Uni chop etish ishlari ilk bor 1958 yilda Madras universiteti olimi Abu Hoshim Sayyid Yusha’ tomonidan amalga oshirilgan. Ikinchi marta 2019 yilda eronlik olim Mansur Shukroyi tomonidan nashrga tayyorlab chop qilingan. Biroq bu asarning o‘ziga xos jihatlari, boshqa manbalardan ustunligi yoki kamchiliklari to‘g‘risida qiyosiy tahlil asosida birorta jiddiy tadqiqot amalga oshirilmadi.
O‘zbekistonda ham soha mutaxassislari orasida bu asar to‘g‘risida xabardor bo‘lganlar juda oz.
Asar Amir Temur tarixini yorituvchi yuqorida sanab o‘tilgan asarlardan saviya, qamrov yoki ishonchlilik jihatidan qanchalik farq qilmasin, shubhasiz tariximizning eng shonli davrlarini bayon etgan asar bo‘lganligi biz uchun qimmatlidir.
Abdurahim Boltayev,
Buxoro davlat universiteti Milliy g‘oya, ma’naviyat
asoslari va huquq ta’limi kafedrasi dotsenti