Temur Xo‘ja: bir asrlik orzu amalga oshdi
Buxoro viloyatida birinchi jadidchilik uy muzeyi ochildi.
Usmon Xo‘ja o‘g‘li (Usmonxo‘ja Po‘latxodjayev) 1922 yilda vatani Buxoroni tark etishga majbur bo‘lgan. 1937 yilda ukasi Ataulla Xo‘ja o‘g‘li otib o‘ldirilganidan so‘ng ularning Buxorodagi uyi Sovet prokuraturasiga, qolgan yarmi hibsxonaga aylantirilgan. Ushbu holat 1991 yil oxirigacha davom etgan.

Bu uy 1992 yilda O‘zbekiston mustaqilligi davrida tadbirkorga sotilgan. “O‘zbekiston madaniy meros” agentligi tashabbusi bilan ushbu uyning hozirgi egasi bilan muzokaralar olib borildi. Nihoyat, shartnoma tuzilib mazkur bino milliylashtirildi.

Endi bu joy Usmon Xo‘ja o‘g‘lining jadidchilik uy muzeyi, kutubxonasi va tadqiqot markazi sifatida tashkil etiladi.
– Bu orzuning, bu sog‘inchning amalga oshishi, ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, o‘z nomini tilga olishni istamagan ikki tadbirkorga, shaxsiy mulkini davlatga qayta sotishga rozi bo‘lgan samarqandlik tadbirkorga, bu masalani tilga olgan o‘zbekistonlik ziyolilar va jurnalistlarga alohida minnatdorlik bildiraman, – deydi taniqli turkshunos olim Temur Xo‘ja. – Bir asrlik orzu amalga oshdi.
Zarif Komilov,
O‘zA