Tekshiruv tartibini buzgan mansabdorga chora ko‘rildi
Ma’lumki, Biznes-ombudsman tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan har qanday tekshirish, monitoring va nazorat tadbirlarini adolatli hamda qonun ustuvorligi asosida amalga oshirilishini nazorat qiladi.
Bu borada devon vakillari tadbirkorlarning ishonchli vakiliga aylanib ulgurgan. Devonga tadbirkorlar tomonidan kelib tushgan murojaatlarni mas’ullar ijrosiz qoldirmaydi.
Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsmanga Ellikqal’a tumanida faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaligi faoliyatida o‘tkazilgan tekshirishdan norozi bo‘lib murojaat qildi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan fermer xo‘jaligining suvdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgani aniqlandi.
Biroq, tekshirish jarayonida bir qator qonunbuzarliklar, xususan, fermer xo‘jaligi vakillarini tekshirishga jalb qilmaslik, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirmaslik va ularning ishtirokisiz tekshirish dalolatnomasiga ma’lumotlarni kiritish holatlari kuzatilgan. Qolaversa, tekshiruv yakuni bo‘yicha fermer xo‘jaligiga 46 million so‘m jarima sanksiyasi hisoblangan.
Biznes-ombudsman devoni tomonidan tekshirish o‘tkazish tartiblari buzilgani aniqlandi va mazkur holat yuzasidan aybdor shaxsga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanildi hamda inspeksiya tomonidan tekshiruv yakuni bo‘yicha hisoblangan 46 million so‘m bekor qilindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA