Ta’tilda o‘quvchilarning vaqti chog‘ o‘tmoqda
Ayni paytda maktab o‘quvchilari qishki ta’tilda. Ularning ta’tilni mazmunli o‘tkazishi uchun esa hududlarda bir qator ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tuman hokimligi va qator tashkilotlar hamkorligida “Yoshlar turizm haftaligi” doirasida Yakkabog‘ tumanining umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tahsil olayotgan 120 nafar o‘quvchi Shahrisabz shahridagi diqqatga sazovor joylarga tashrif buyurib, madaniy hordiq olishdi.


Dastlab “Shahrisabz” davlat muzeyi qo‘riqxonasi direktori Nabi Xushvaqtov kuzatuvi ostida “Ko‘k gumbaz” masjidi, Dorut-Tilovat yodgorlik majmuasi, Dorus-Saodat, Shamsiddin kulol, Gumbazi-Sayidon maqbaralari kabi tarixiy obidalar bilan tanishildi.
Shundan so‘ng Amir Temur hayoti va faoliyatini keng ma’noda yoritib beruvchi muzeyga sayohat qilindi. Muzey eksponatlari o‘quvchi- yoshlarda katta taassurot qoldirdi.


Ayniqsa, XIV oxiri va XV asr boshlarida buyuk Sohibqiron tomonidan qurdirilgan Oqsaroy me’moriy obidasi hamda uni tomosha qilish uchun tashrif buyurgan chet ellik mehmonlar bilan bo‘lgan samimiy suhbatlar o‘quvchilarda g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Haftalik doirasida yana yuz nafar yakkabog‘lik yoshning yer yuzi sayqali deya e’tirof etilgan Samarqand shahriga sayohatini tashkil etish ham rejalashtirilgan.


O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri