Tasviriy san’at o‘quvchini ijodiy yondashuvga undaydi
Ijodiy fikrlash ilg‘or g‘oyalarni ilgari surish, yangi san’at namunalari bilan bir qatorda, yangi mahsulot va xizmatlar yaratilishiga ham hissa qo‘shadi. Aytish mumkinki, bugun iqtisodiyotda ko‘p aytiladigan, rivojlangan davlatlarda sodir bo‘layotgan “to‘rtinchi sanoat inqilobi”ning ham asosi mana shu ko‘nikmaga ega avlod tarbiyalanayotgani bilan bog‘liq.
O‘quvchilarda ijodiy fikrlash ko‘nikmasini shakllantirish muammosi hozirgi kunda ta’lim sohasidagi dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, yuzaga kelayotgan hayotiy muammolarga nostandart yechim topish qobiliyatiga ega ijodkor shaxsni tarbiyalash zaruriyati kun sayin ortib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, zamonaviy xalq ta’limi tizimidagi maktablarda o‘sib kelayotgan yosh avlodning ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirish kabi muhim vazifalarni bajarish zaruratini anglatadi.
Tasviriy san’at fani 7-sinfgacha o‘tilganligi sababli mazkur sinf darsligida o‘quvchini ijodiy faoliyat bilan bog‘liq sohalar haqida tanishtirish maqsad qilingan. Darslik o‘quvchini arxitektor, interer dizayneri, grafik dizayner, fotograf, rassomlik kabi kasblarga yo‘naltiradi. Tasviriy san’at deyilganda, faqat rangtasvir yoki qalam tasvir tushunilmasdan, u bilan bog‘liq kelajak kasblari haqida bilish va o‘quvchida maktab davridanoq ularni egallashga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish muhimdir.
Zamonaviy Tasviriy san’at darsligiga kompozitsion dunyoqarashni kengaytish uchun “Arxitektura muhitida graffiti kompozitsiyasi”, “Fotografiyada kompozitsiya”, “Shriftli-grafik kompozitsiya”, “Landshaft dizayni uchun funksional-dekorativ haykalcha yasash”, “Grafik dasturlar yordamida kitob muqovasi dizaynini ishlash”, “Orzuimdagi shahar” mavzusida me’moriy kompozitsiya ishlash, “Fluid art uslubida abstrakt kompozitsiya”, “Pop art uslubida hayvonlar tasvirini ishlash”, “3D uslubida rasm ishlash”, “Zentangle” va “Doodling” uslubida rasm ishlash kabi yangi mavzular kiritildi.
Shahar muhitining estetik ko‘rinishini yanada yaxshilash uchun ahamiyatdan chetda qolgan me’moriy binolar yuzini kompozitsion tasvirlar bilan boyitishga qaratilgan grafiti mavzusi qo‘shildi. Shaharda ko‘p qavatli binolarning ko‘rimsiz yon qismlari aksariyat hollarda bo‘sh turadi. Buni reklama bannerlari bilan yopgandan ko‘ra, tasvirlar bilan bezash muhimdir. Shu bois, darslikda shahardagi binolarning katta ochiq yuzalarini tarbiyaviy ahamiyatga yoki falsafiy ma’noga ega turli tasvirlar bilan to‘ldirish haqida tushuncha beriladi.
Zamonaviy san’at va mehnat bozorida san’at bilan bog‘liq mutaxassisliklar axborot texnologiyalari bilan birikib ketmoqda. Misol uchun, “raqamli san’at” tushunchasi muomalaga kirganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Kompyuter dasturlarida ijod qilish ko‘nikmasini egallagan mutaxassislar uchun mehnat bozorida 20 dan ziyod sohalarda ishlash imkoni bor.
Misol uchun, bugungi kunda grafik dizayn yo‘nalishida O‘zbekiston mehnat bozorida 3,5 mingdan ziyod mutaxassisga ehtiyoj mavjud. Masalan, birgina “Upwork frilansing” platformasida grafik-dizaynerlar uchun o‘n minglab bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Bu yo‘nalishda soatiga 75 dollargacha pul topish mumkin. Mehnat bozoridagi ushbu talabni hisobga olgan holda, endi “Tasviriy san’at” fanida o‘quvchilar grafik- dizaynerlik yo‘nalishida bilim oladilar, mashhur grafik dizaynerlar faoliyati bilan tanishadilar. Grafik dizaynerlik hozirgi kunda talab kuchli bo‘lgan sohalardan biridir.
Yangi darslikka logotip ishlash mavzusi kiritilgan bo‘lib, unda o‘quvchilar maxsus dasturiy ilovalar vositasida logotip yaratishni o‘rganadilar.
Hozirgi o‘quvchilar “selfi” olishni, turli vaziyatlarni suratda muhrlashni yaxshi ko‘radilar. Shunday ekan, nimaga endi tasviriy san’at darslarida bolalarga professional fotografiya sirlarini o‘rgatmasligimiz kerak? Tasviriy san’at darslarida professional fotografiya sirlari ham o‘rgatiladi. Professional foto endi o‘qituvchi va o‘quvchini ijod qilishga, kreativ yondashishga va o‘z ustida ko‘proq ishlashga undaydi. O‘quvchilar endi o‘z g‘oyasini qanday qilib ifodalashni o‘rganadilar. Uyga vazifa qilib fotoetyud beriladi. “Bolalik”, “Mening mahallam” kabi mavzuda ular smartfonlariga rasmlar olib, kadrlar kompozitsion jihatdan qanchalik to‘g‘ri olinganini sinfda o‘qituvchi bilan muhokama qiladilar. Buning uchun o‘qituvchilar ham o‘z ustilarida ishlashlari kerak.
Darslikda murakkab tasvirlar o‘quvchiga ma’lumot o‘rnida berilgan. O‘qituvchi metodik qo‘llanma asosida o‘quvchiga mos vazifalar bilan darsni tashkil etadi.
O‘quvchilarga dars jarayonida kuzatish, tasavvur qilish, yaratish va o‘rgangan bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar, tajribalar orqali hayotda qo‘llash imkoniyati beriladi. Shuningdek, loyiha ishlari doirasida taqdimotlar, muhokamalarda yaratilgan san’at namunalarini badiiy tahlil qilish, ularni sharhlash ko‘nikmalari rivojlantiriladi.
Tasviriy san’at fani uchun yaratilgan Milliy o‘quv dasturi o‘quvchilarni ko‘rgazma tayyorlash, art-portfolio yaratish, vizual san’atni bevosita sanoat sohalari bilan bog‘lashga rag‘batlantiradi.
Joriy yildan tatbiq etilayotgan 3-, 6-, 7-sinf darsliklarida nazarda tutilgan topshiriqlar orqali o‘rganuvchida o‘z asarini yaratish, ijodiy fikrlash orqali o‘zidagi badiiy qobiliyatni kashf etish, atrof-muhitga yanada estetik zeb berish, hamkorlikda ishlash kompetensiyalari shakllanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, "Tasviriy san’at" fanidan yaratilayotgan yangi dastur va darsliklar o‘quvchini tezkor o‘zgarayotgan dunyoda ijodiy ko‘nikma va amaliy bilimga ega, samarali va innovatsion ishtirokchi bo‘lishga tayyorlaydi.
Sakina MUHAMMEDJONOVA,
Tasviriy san’at darsligi muallifi.
O‘zA