Tashqi reklamani joylashtirsh tartibi tadbirkorlar foydasiga qayta ko‘rib chiqildi
Raqobat qo‘mitasi takliflari asosida tashqi reklamani joylashtirish tartibi tadbirkorlar foydasiga qayta ko‘rib chiqilayotganligi bo‘yicha xabar berilgan edi. Ushbu takliflar asosida Hukumat qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risidagi (Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-oktabrdagi 563-son) qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq, tadbirkorlik sub’ekti o‘zi egallab turgan bino yoki inshootning tashqi tomonida (kirish joyida) joylashtirgan nomi va faoliyat turi (ixtisosligi) to‘g‘risidagi axborot (peshlavha) shu jumladan, firma nomi, tovar yoki xizmat ko‘rsatish belgisi, tashqi reklama ob’ekti hisoblanmaydi hamda ushbu axborot vositasi uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Shuningdek, yuridik shaxslarning mulk yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli bo‘lgan o‘z avtotransport vositalariga o‘ziga tegishli tovar belgisi, faoliyat turiga tegishli yozuvlar va ishlab chiqaradigan mahsulotlari (ko‘rsatadigan xizmatlari) haqidagi reklama ma’lumotlari soddalashtirilgan tartibda joylashtiriladi.
Bunda yuridik shaxslar avtotransport vositalariga o‘ziga tegishli bo‘lgan tovar belgisini, faoliyat turiga tegishli yozuvlar va ishlab chiqaradigan mahsulotlari (ko‘rsatadigan xizmatlari) haqidagi reklama ma’lumotlarini joylashtirish uchun xabarnomani YAIDXP orqali elektron shaklda yuboradi. Xabarnoma YAIDXPda qabul qilingan vaqtdan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahrida Departamenti xabardor qilingan hisoblanadi va tizim tomonidan reklama joyining pasporti avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Xabarnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar, shuningdek, o‘zgalarga tegishli tovar belgilari taqdim etilganligi aniqlangan taqdirda, shakllantirilgan reklama joyining pasporti avtomatik ravishda bekor qilinadi va bu haqida yuridik shaxsga asoslantirilgan xat yuboriladi. Yuridik shaxslar avtotransport vositalariga o‘ziga tegishli bo‘lgan tovar belgisini, faoliyat turiga tegishli yozuvlar va ishlab chiqaradigan mahsulotlari (ko‘rsatadigan xizmatlari) haqidagi reklama ma’lumotlarini joylashtirish huquqni beruvchi reklama joyi pasportini rasmiylashtirish uchun yig‘im undirilmaydi.
Shuningdek, Pasportni onlayn bekor qilish mumkin. Reklama joyi pasportidan ixtiyoriy voz kechish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza yuboriladi. Ma’lumotlar soliq organlariga avtomatik tarzda yetkaziladi.
Qisqa muddatli reklama uchun aniq muddatlar belgilandi. Qurilish ob’ektlarida reklama qurilish tugaguncha turishi mumkin, bayram va tadbirlar uchun esa 30 kungacha.
“Dizayn-kod” endi to‘satdan o‘zgarmaydi. Bu bo‘yicha qarorlar faqat jamoatchilik muhokamasidan, jumladan, regulation.gov.uz portalidan o‘tgandan keyin qabul qilinadi. Ular e’lon qilingandan 3 oy o‘tib kuchga kiradi. Ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgisidan foydalanish imkoniyati saqlanishi shart. Toshkent shahrining “dizayn-kodi” 10-dekabrgacha tadbirkorlar va OAV ishtirokida muhokama qilinadi.
Majburiy demontajga aniq tartib joriy etildi:
– demontaj kuni va vaqti haqida 2 kun oldin veb-saytda e’lon qilinadi, egasiga esa yozma xabar yuboriladi;
– demontaj faqat ish kunlari soat 09:00–18:00 oralig‘ida amalga oshiriladi;
– demontaj vaqtida egasi ishtirokida dalolatnoma tuziladi. Unda sana, vaqt, sabab, fotosuratlar va konstruksiya saqlashga yuborilgan manzil ko‘rsatiladi;
– tadbirkorga oid qarorlar va xabarnomalar uning yuridik manziliga yozma ravishda ham yuboriladi.
Tashqi reklama ob’ektlarining joylashtirilishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati “Xalq nazorati” elektron portali orqali yo‘lga qo‘yiladi.
N. Rahmonova, O‘zA