“Tashabbusli byudjetlashtirish” kelgusida nimalarni va’da qilmoqda?
Joriy yilning 9-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston, Armaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari hamda Rossiya Federatsiyasi ekspertlari ishtirokida “Tashabbusli byudjetlashtirish – davlat moliyasining innovatsiyasi sifatida” mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘zga chiqqan Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari — Axadbek Xaydarov Tashabbusli byudjet amaliyoti yuzasidan mamlakatimizda erishilayotgan natijalar, kelgusidagi kutilayotgan maqsad va vazifalar yuzasidan to‘xtalib o‘tdi. Ma’lum qilinishicha, Tashabbusli byudjet loyihasi uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdori 2030 yilga qadar uch baravargacha oshirilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, tadbir davomida tashabbusli byudjetlashtirishni joriy etishning kelgusidagi istiqbollari ko‘rib chiqildi va bugungacha mazkur tizimning ijtimoiy ongni oshirish, inklyuzivlik, atrof-muhit holati, shaharsozlik hamda asosiy xizmatlar sifatiga qo‘shgan hissasi muhokama qilindi.
So‘ng fuqarolar davlat va mahalliy boshqaruviga jalb etish orqali, ularning byudjet jarayonlaridagi ishtirokini ta’minlash, shu bilan birgalikda, turli ijtimoiy guruhlarni byudjetni rejalashtirish jarayoniga jalb qilishning innovatsion yondashuvlari tilga olindi.

Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi Ilmiy-tadqiqot moliya instituti (NIFI)ning Tashabbusli byudjetlashtirish markazi rahbari o‘rinbosari —Dmitriy Shatoxin esa tadbirda «Nafaqa va nafaqa oldi yoshidagi fuqarolar uchun tashabbusli byudjet» mavzusida taqdimot qildi va bevosita Rossiya tajribasi bilan bo‘lishdi. Uning ta’kidlashicha, bugun pensiya yoshidagi fuqarolar byudjet tashabbuslarida ishtirok etish orqali jamiyat hayotiga hissa qo‘shishlari mumkin.
Qayd etilishicha, pensiya yoshidagi fuqarolar byudjet tashabbuslarida ishtirok etish orqali jamiyat hayotiga hissa qo‘shishlari mumkin bo‘ladi. Tadbirda buning ahamiyatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

So‘ng tashabbusli byudjetlashtirish jarayoni yetakchilari va ishtirokchilarini o‘qitish, tashabbusli byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun texnologik va dasturiy vositalardan foydalanish lozimligi, ularning mintaqaviy darajadagi byudjet jarayonlaridagi samaradorligi, shaffoflikni yaxshilashga qo‘shgan hissasi borasida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir nihoyasida ishtirokchilar fuqarolar hamda butun jamiyat manfaatlarini ko‘zlab, yanada samarali moliyaviy boshqaruvga erishish uchun xalqaro hamkorlikni davom ettirish, tajriba almashib turishga kelishib oldilar.

Davra suhbati doirasida 10-noyabr kuni Toshkent viloyatiga sayyor tadbir tashkil etildi. Ishtirokchilar Qibray tumani va Chirchiq shahrida bo‘lib, joylarda amalga oshirilayotgan “Tashabbusli byudjet” loyihalari bilan tanishdilar.
M.Eshmirzayeva, O‘zA