Tashabbuskor yoshlar innovatsion loyihalarini namoyish qildi
"Yoshlar kuni" munosabati bilan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida yoshlarning startap va innovatsion g‘oyalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Nurafshon shahrida tashkil etilgan mazkur tadbirning asosiy mavzusi yoshlar tomonidan ilgari surilayotgan istiqbolli loyihalarni tinglash, ularni qo‘llab-quvvatlash, amaliyotga tatbiq etish hamda tashabbuskor yoshlarni rag‘batlantirishdir.

Unda barcha tuman va shahar hokimlari, bank tizimi vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda tegishli soha mutasaddilari ham ishtirok etdi. Ochiq muloqotda viloyatning turli hududlaridan kelgan 50 nafar yosh tashabbuskorning istiqbolli startap loyihalari va innovatsion takliflari taqdim etildi.

— G‘oyalar orasida axborot texnologiyalari, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, yoshlar tadbirkorligi va zamonaviy biznes kabi yo‘nalishlar barchada qiziqish uyg‘otdi. Har bir loyiha yoshlarning yangicha fikrlash qobiliyati, tashabbuskorligi va hududlarni rivojlantirishga bo‘lgan intilishlarini yaqqol ko‘rsatdi. Bundan xursandmiz, — deydi Toshkent viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Nodir Hojiyev.

Tadbir davomida yoshlar o‘z startap loyihalarining maqsadi, iqtisodiy samaradorligi, amaliy ahamiyati, bozor talabi va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berdi. Ayniqsa, yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmatlar sifatini oshirish, mahalliy imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda innovatsion yondashuvlarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan g‘oyalarga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda ishtirok etgan bank vakillari yoshlarning biznes va startap tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kredit va imtiyozli mablag‘lar ajratish, shuningdek, loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish mexanizmlari yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi. Oliy o‘quv yurti rahbarlari esa ilmiy yondashuv, zamonaviy bilim va amaliy tajribani uyg‘unlashtirish orqali yoshlarning loyihalarini yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Viloyat hokimi tomonidan har bir taklif atroflicha tinglanib, istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, hududlar bo‘yicha manzilli ishlash hamda ularning bandligini ta’minlash borasida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.


Jumladan, yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliy loyihalarga aylantirish hamda tadbirkorlikka keng jalb etish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan ekani aytildi.
A. Musayev, O‘zA