Tarixiy yodgorliklar puxta o‘rganilib, tiklanadi
Qadimiy obidalarni qayta tiklash, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, konservatsiya ishlarini olib borish g‘oyat murakkab, mas’uliyatli, chuqur ilmiy, tarixiy, yuqori professional mutaxassislik darajada yondashuvni talab etadigan jarayondir.
Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy merosni asrab-avaylash yo‘lidagi amaliy sa’y-harakat va intilishlar xalqaro miqyosda ham keng ham aks-sado bermoqda.
Madaniyat vazirligining Madaniy meros departamenti tomonidan Fransiya shaharsozlik instituti mutaxassislari, katta tajribaga ega me’mor va shaharsoz ekspertlar Erik Uybrexts hamda Kristina Iamandi ishtirokida Shahrisabz shahrining tarixiy hududini regeneratsiya qilish (tiklash) konsepsiya loyihasi masalalari, Shahrisabz shahridagi me’moriy yodgorliklarning o‘rganilishi bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda madaniyat vazirining o‘rinbosari, Madaniy meros departamenti boshlig‘i Kamola Akilova keyingi yillarda mamlakatimizda milliy merosni saqlash, ularning muhofazasini kuchaytirish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Ma’lumki, YUNESKOning Butunjahon madaniy meros masalalariga bag‘ishlangan 43-sessiyasida Shahrisabz shahri bo‘yicha tegishli qaror qabul qilingan. Mazkur qaror ijrosini o‘rganish hamda shaharning tarixiy qismida regeneratsiya ishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida joriy yilning 19-24 may kunlari Shahrisabzga Fransiya shaharsozlik institutining bir guruh ekspert-olimlari kelib, shaharning tarixiy mahallalar joylashgan qismi, tarixiy-me’moriy yodgorliklarini o‘rganish bo‘yicha ishlarni olib bordilar. Xalqaro ekspertlar Madaniy meros departamenti mutaxassislari, Shahrisabz shahar me’morlari, tarixiy obidalar mutaxassislari bilan shaharning qadimiy xaritasi bo‘yicha o‘zaro fikr almashish bilan birga regeneratsiya ishlarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan o‘zaro maslahatlashdilar.
– Institutimiz shaharsozlik bo‘yicha Yevropadagi yirik ilmiy muassasa sanaladi, – dedi Fransiya shaharsozlik instituti mutaxassisi, arxitektor, shaharsozlik va hududiy loyihalar bo‘yicha ekspert Erik Uybrexst. – Shahrisabzdek qadimiy shaharni o‘rganish ishlari uning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan ikki bosqichda – 2000 yildan boshlab 2016 yillargacha hamda uning shaharsozligiga xavf paydo bo‘lgan davrni qamragan holda olib borilmoqda. Oqsaroy, Ko‘kgumbaz kabi bir qator yodgorliklar originalligi, tarixiy ahamiyati nuqtai nazaridan puxta o‘rganildi.
Xorijlik ekspertlarning fikricha, bu yerdagi turli qurilishlar tarixiy yodgorliklarning ko‘rinishi, me’moriy yechimi va tuzilmasiga ta’sir ko‘rsatayotgani uchun 2016 yilda Shahrisabz tashqi ta’sirlar sababli himoyalanishi zarur bo‘lgan shaharlar ro‘yxatga kiritilgan edi. O‘zbekistonda keyingi 4-5 yilar mobaynida me’moriy obidalarni asrab-avaylash borasidagi davlatning ulkan amaliy qadamlari, ezgu xohish va intilishlari, irodasi xalqaro miqyosda ham yaqqol ko‘zga tashlangani bois, Shahrisabzga yuqori malakali bilim va tajribaga ega bo‘lgan shaharsoz va me’mor mutaxassislar, ekspertlar guruhlari yuborildi.
IKOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni asrash bo‘yicha xalqaro kengash) eksperti, arxitektor Kristina Iamandining fikricha, o‘z hududidagi tarixiy ob’ektlarning holati, ularning ko‘ngildagidek holatda bo‘lishini ta’minlash, yodgorliklar “umri”ning bardavomligidek maqsad-muddao O‘zbekiston uchun ustuvor ahamiyat kasb etishi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Vaholanki, dunyoning ayrim davlatlarda bunday istakning aksini ham kuzatish mumkin. Masalan, Drezden shahrida (Germaniya) yoki Ammanda (Iordaniya) davlatning tarixiy yodgorliklarni saqlashdan manfaatdor emasligiga fransiyalik ekspertlar o‘z faoliyati davomida shaxsan guvoh bo‘lishgan.
Matbuot anjumanida shular ma’lum bo‘ldiki, xorijlik ekspertlar qadimiy obidalarimizning ahamiyatini inobatga olgan holda uni qayta tiklash bilan bog‘liq jarayonga g‘oyat katta mas’uliyat bilan, xalqimiz ta’biri bilan aytganda “yetti o‘lchab, keyin kesish” nuqtai nazaridan yondashayotgani e’tiborga molikdir. Tegishli taklif va tavsiyalarning tayinlanishida yurtimiz Madaniy meros departamenti tomonidan barcha ma’lumotlar, hujjatlar, tahliliy hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilayotgani bu boradagi ishlarning natijador va samarali kechishida muhim omil bo‘lmoqda.
Xorijlik mutaxassislar tomonidan Shahrisabzning tarixiy qiyofasini qayta tiklashga ko‘maklashish maqsadida 3 xil tavsiyaviy ssenariylar ishlab chiqilmoqda. Ularning maqbulligi YUNESKO hamda BMTning Ming yillik rivojlanish dasturi talab va mezonlariga muvofiqligiga alohida e’tibor qaratiladi. Bir so‘z bilan aytganda, shaharning qadimiy ko‘rinishini qayta tiklashga doir amaliy taklif va tavsiyalar kelasi yilning yanvar oyida YUNESKOga taqdim etilib, bunda ushbu takliflarning xalqaro shaharsozlik va me’morchilik talab-qoidalariga uyg‘un ekaniga jiddiy ahamiyat qaratiladi.
Matbuot anjumanida qadimiy shaharlarimizning tarixiy qiyofasi, me’moriy obidalarni asrash bilan bog‘liq savollarga batafsil javob qaytarildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA