Tarix, bugun va kelajakni bog‘lovchi maskan
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy elchixonalar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari,O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik missiyalari vakillari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish, takomillashtirish va xorijiy hamkorlarni jalb etishdan iboratdir.
Yig‘ilish avvalida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 29 yanvar kuni ushbu markazga tashrifi nainki yurtimizning ilmiy jamoatchiligi, balki xalqaro miqyosdagi hamkorlikni kengaytirishi bilan birga mazkur muazzam ma’rifiy maskanning muhim ijodiy platformaga aylantirishga muhim turtki bo‘lganini ta’kidladi. Ayni paytda ushbu markaz tarix, bugun va kelajak o‘rtasidagi ulkan ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tashi bilan ham diqqatga sazovor.
[gallery-22276]
- Majmua ulkan va bebaho loyihadir, – dedi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari B.A’loyev. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda unga tamal toshini qo‘ygan edi. O‘xshashi yo‘q ushbu ma’rifiy loyiha xalqimizga va dunyo jamoatchiligiga islom dinining mohiyatini to‘g‘ri yetkazishda alohida ahamiyat kasb etadi. Tinchlik, totuvlik, xokisorlik, ahillik dini bo‘lgan islom dinining ahamiyati, tarixini xolis va haqqoniy tushuntirishda bu makrazning ahamiyati g‘oyat beqiyos.
Yig‘ilishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist mazkur markazning yangi ekspozitsiyasi, ma’no-mazmuni binoning muazzam qiyofasiga hamohang, uyg‘un bo‘lmog‘i kerakligini alohida ta’kidladi.
- Prezidentimiz mazkur markazni barpo etishga oid g‘oyani bundan bir necha yillar avval BMT minbaridan turib e’lon qilgan edilar, – dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov. – Bundan olti oy ilgari markazimizning yangilangan konsepsiyasi ustida mamlakatimiz va xorijlik olimlar, eng ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar, din va madaniyat arboblari, ekspertlar, ma’rifiy jamoatchilik ish boshlab yubordi. Zero, ushbu binoning ichki tarkibi, mazmun-mohiyati uning tashqi salobatiga mos bo‘lmog‘i kerak. Davlatimiz rahbarining g‘oyasi va tashabbusi asosida boshlanib ketgan ezgu ma’rifiy izlanishlar bugungi kunda jahon ilmiy jamoatchiligida katta qiziqish va e’tibor uyg‘otmoqda.
Shuni ham aytish kerakki, joriy yilning 11 mart kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Vasiylik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda markaz ekspozitsiyasini boyitish, ilmiy-innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda ushbu muazzam dargohning ijtimoiy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy maskan sifatida takomillashtirish masalalari muhokama etilib, Vasiylik kengashi tomonidan 9 ta yo‘nalish bo‘yicha kichik ishchi guruhlari tasdiqlandi.
Yig‘ilish davomida markaz ekspozitsiyasini yanada boyitish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Muloqot doirasida tadbir ishtirokchilari uchun mazkur markaz bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini yanada boyitish bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
- Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra asos solingan markaz islom tadqiqotlarini o‘rganishda katta ahamiyat kasb etadi, - dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl. – Darhaqiqat, ushbu maskan tarix, bugun va kelajak o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lishi bilan birga islomning ma’rifiy g‘oyalariga oid chuqur tadqiqotlar olib borish uchun katta imkoniyatdir.
- Islom sivilizatsiyasi markazi menda juda katta taassurot qoldirdi, - dedi Pokistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruk. - Mamlakatlarimiz islomga oid boy madaniy, ma’naviy merosga ega. Bu borada hamkorligimiz kutilgan ijobiy natijalarni berishi shubhasiz. Markazdagi Qur’on zali, undagi eksponatlar, ayniqsa, Usmonli Qur’oni menda juda katta taassurot qoldirdi.
– Bu ulug‘vor maskan odamlarni hayratga va hayajonga soladi, - dedi Ozarbayjonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Husayn Guliyev.
– Markazdagi ekspozitsiya butun dunyoga islom dinining asl mazmun-mohiyatini, uning tinchlikparvar, ma’rifatli g‘oyalarini targ‘ib etishda alohida ahamiyatga ega.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini yanada boyitish bo‘yicha fikr va takliflar o‘rtaga tashlandi.
Nazokat Usmonova,
Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA muxbirlari