Tariflar oşişi eskirgan qozonxonalar va tizimdagi katta yöqotişlarga çek qöyadimi?
Markazlaşgan issiqlik taʼminoti bevosita tabiiy gaz va elektr energiyasiga boğliq. Energiya resurslari narxlarining bosqiçma-bosqiç erkinlaştirilişi suvni isitiş va xonadonlarga yetkazib beriş xarajatlarini oşirib yubordi.
Hozirgi kunda aholi tölayotgan tariflar real xarajatlarning kam qismini qoplaydi. Qolgan tafovut esa davlat byudjeti hisobidan subsidiya qilinmoqda. Şu yilning 1-noyabridan respublika böyiça isitiş va issiq suv tariflarini örtaça 30 foizga oşiriş taklif etilgan edi. Bu çora davlat zimmasidagi subsidiya yukini kamaytirişga va tejalgan mablağlarni manzilli ijtimoiy himoyaga yönaltirişga xizmat qilişi taʼkidlanmoqda.
Xöş, narxlar oşişiga real asos nima? Soha nega hamon zarar körmoqda va qöşimça tuşumlar qayerga sarflanadi?
Moliya vazirligi maʼlumotiga köra, tariflarning örtaça 30 foizga oşirilişi issiqlik taʼminoti korxonalari hisobiga yiliga qöşimça 310 milliard söm tuşişini taʼminlaydi. Biroq «Issiqliktaʼminoti» AJ mutaxassislarining tuşuntirişiça, amaldagi tariflar xizmatning haqiqiy tannarxini töliq qoplamaydi. Şu sababli, korxonalar uzluksiz işlaşi uçun davlat har yili subsidiya ajratişga majbur bölmoqda. Tariflarning oşirilişi uşbu moliyaviy yukni bosqiçma-bosqiç kamaytirişga qaratilgan.

Qöşimça tuşumning barçasi eskirgan qozonxonalarni taʼmirlaşga sarflanadimi?
Yöq. Mablağlarning katta qismi avvalo korxonalarning joriy xarajatlarini, yaʼni qimmatlagan gaz va elektr tölovlarini qoplaşga yönaltiriladi. Taʼmirlaş va modernizatsiya uçun jami tannarxning bor-yöği 7-8 foizi sarflanişi rejalaştirilgan. Bu xarajat hududlar infratuzilmasiga qarab, kiçik korxonalarda yiliga 10 milliard, yiriklarida esa 500 milliard sömgaça yetişi mumkin. Aholi uçun eng muhim masala şuki, tölov oşişi bilan birga çirigan quvurlar va eski qozonxonalar yangilanişi şart.
«Issiqliktaʼminoti» AJ maʼlumotiga köra, soha korxonalari 2025-yilda 70 milliard söm, 2026-yilning birinçi yarmida esa qariyb 120 milliard söm zarar körgan. Joriy yildagi zararning 65-70 milliardi energiya resurslari narxining oşişi va tariflarning pastligi bilan boğliq. Qolgan 30-35 milliardi tarmoqdagi yöqotişlar, 15-20 milliard sömi esa avariyalarni bartaraf etiş uçun sarflangan. Xarajatlar tuşumdan köpligi sababli ulkan iqtisodiy zarar yuzaga kelmoqda. Biroq tizimdagi isrofgarçiliklar ham çuqur tahlil qilinişi lozim.
Tizimdagi yöqotişlar qanday? Moliya vazirligi maʼlumotlarida markazlaşgan issiqlik taʼminotidagi umumiy yöqotişlar 29 foiz deb körsatilgan. Bunga eski quvurlar va izolyatsiyaning talabga javob bermasligi sabab. Hukumat 2027-yil yakuniga qadar yöqotişlarni 25 foizgaça tuşirişni maqsad qilgan.

Toşkent şahri misolida körsak, hozir poytaxtda 1 Gkal issiqlik energiyasi tarifi aholi uçun 156 643 söm. Lekin buning tannarxi 797 038 sömga tuşmoqda. Yaʼni, odamlar real xarajatning faqat 20 foizini tölamoqda. Tarif 30 foizga oşsa, aholi uçun 1 Gkal narxi 203 636 sömga yetadi, tannarx esa 836 265 sömni taşkil qiladi. Demak, tariflar oşganda ham aholi tölaydigan narx tannarxdan qariyb tört baravar past bölib qoladi va davlat subsidiyalari saqlanib qoladi. Albatta, har bir viloyatning öziga xos infratuzilmasi borligi uçun tariflar hududlar kesimida farqlanadi.
Moliya vazirligi issiqlik energiyasi tannarxini 15 foizga arzonlaştiriş böyiça dastur işlab çiqmoqda. Içki xarajatlar va isrofgarçiliklarni kesiş orqali bunga erişiş mumkin. Şuningdek, «Issiqliktaʼminoti» AJ yil oxirigaça zamonaviy billing tizimini töliq işga tuşirişni rejalaştirmoqda. Bu şaffof tizim öğriliklar va asossiz qarzdorliklarga barham berişga xizmat qilişi kutilmoqda. Biroq eng zamonaviy elektron hisob-kitob ham uyni isitmaydi. Buning uçun birinçi galda moddiy infratuzilma yangilanişi şart.
Tarif oşişidan köpayadigan mablağlar qanday nazorat qilinadi? Mablağlar harakati davlat va audit organlari tomonidan nazorat qilinadi. Hisobotlar «Issiqliktaʼminoti» AJ saytida oçiq eʼlon qilib boriladi. Lekin jamoatçilikka quruq moliyaviy hisobotlar yetarli emas. Ularga aniq körsatkiçlar, neça kilometr quvur yangilangani, qaysi qozonxona almaştirilgani kabi real natijalar körsatilişi lozim.
Xulosa qilib aytganda, tariflarni oşiriş tizimni saqlab qoliş uçun majburiy zaruratdir. Endigi eng asosiy masala esa bu rejalarning amalda qanday ijro etilişida. Yöqotişlar çindan kamayadimi? Avariyalar barham topadimi? Bu savollarga xonadonlarimizdagi issiqlik darajasi va oçiq hisobotlargina javob beradi.
Mohiçehra Eşmirzayeva, ÖzA