Targ‘ibot poyezdi Andijonda
Adliya vazirligi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz” shiori ostida “Targ‘ibot poyezdi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihada ishtirok etish uchun Toshkent davlat yuridik universitetining 600 nafarga yaqin talabasi istak bildirgan. Ularning orasidan notiq, ilg‘or, faol, jamiyatdagi islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan yaxshi xabardor 126 nafar talaba saralab olinib, hududlar bo‘yicha universitet professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat targ‘ibot guruhlariga biriktirildi.
Ayni kunlarda ushbu targ‘ibot guruhlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, fuqarolarning Bosh qomusimizga oid va huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Ana shunday targ‘ibot tadbirlari Andijon davlat tibbiyot, mashinasozlik hamda iqtisodiyot va qurilish institutlarida bo‘lib o‘tdi.
[gallery-14860]
Targ‘ibot guruhi a’zolari tomonidan oliy o‘quv yurtlari talabalariga Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, Vatanimizning buyuk kelajagi va ravnaqi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati haqida keng ma’lumotlar berildi.
Talabalar Bosh qomusimiz bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalaridan batafsil javob oldi.
Shuningdek, tadbirlardagi savol-javob va muloqotlarda faol ishtirok etgan talabalarga targ‘ibot guruhining esdalik sovg‘alari topshirildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari