Taraqqiyot uchun qo‘llanma
Munosabat
Yurtimiz rivoji uchun muhim qo‘llanma bo‘lgan Murojaatnoma bilan tanishar ekanmiz, bu chindan taraqqiyot uchun qo‘llanma ekanligiga ishonch hosil qildik. Yangi 2026 yilni – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb nomlanishi ertangi kunga bo‘lgan ishonchni, mamlakat taraqqiy etishi barobarida yuksalib, inson qadrini yanada oshishiga xizmat qilishiga shubha yo‘q.
Murojaatnomada milliy davlatchilikni mustahkamlash, xalq farovonligini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy hayotni rivojlantirish, yosh avlod tarbiyasi, ta’lim va madaniyat sohalariga alohida e’tibor qaratilgani O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining dasturiy maqsad va vazifalari bilan to‘liq uyg‘un ekanini ta’kidlash joiz.
Xususan, milliy qadriyatlarimizni asrash, tarixiy merosimizni tiklash va uni keng targ‘ib etish borasida bildirilgan tashabbuslar Namangan viloyati misolida o‘z ifodasini topmoqda. To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Axsikent arxeologik yodgorligi, Namangan shahrining tarixi va me’moriy obidalarini saqlash va obodonlashtirish, madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar Murojaatnomada belgilangan vazifalarning amaliy ifodasidir.
Qolaversa, hududlarni kompleks rivojlantirish, iqtisodiy faollikni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan vazifalar viloyat ahli uchun ayniqsa, dolzarb. Jumladan, to‘qimachilik, bog‘dorchilik va qayta ishlash sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalar, “Namangan – respublikaning sanoat markazi, kichik biznes va tadbirkorlar shahri” tamoyili asosida yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
Murojaatnomada yoshlar siyosatiga qaratilgan alohida e’tibor viloyatimizda ham o‘z samarasini bermoqda. Yoshlar uchun tashkil etilayotgan ta’lim markazlari, kasb-hunarga o‘qitish dasturlari, madaniy va ma’naviy-ma’rifiy loyihalar yosh avlodni milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Bu esa partiyamiz dasturiy maqsadlari bilan hamohang.
Ishonamizki, Murojaatnomada belgilangan aniq maqsad-vazifalarni birgalikda bajarish orqali Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida yanada salmoqli natijalarga erishamiz.
Sobitxon Mirzayev,
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Namangan viloyat kengashi raisi.
O‘zA.