Taraqqiyot maktab ostonasidan boshlanadi...
“Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” dedi Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida.
Bu fikr esa, o‘z-o‘zidan kishilarimizning dunyoqarashini o‘zgartirish vaqti kelganligi, ta’limdagi islohotlarni aynan maktab ostonasidan boshlash lozimligini anglatadi.
Zamon shiddati bugun bizni taraqqiyot yo‘lidan ancha ortda qoldirganini tan olish lozim. Bu xulosa og‘riqli bo‘lsa-da haqiqat. Ko‘p orzularga berildik, katta ishlarni boshladik, oliy ta’limdan ko‘p narsalarni kutdik. Ammo aksariyat ishlarimiz kutilgan natijani bermadi. Savodxonlik darajamizni boshqa befoyda bilimlar evaziga ko‘tarishga intilgan bo‘lsak-da bu bilan dunyoni lol qoldirish mumkin emasligini, maktab ta’limini biroz boshqacharoq usullar bilan kuchaytirish, zamonaga moslashishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Nega biz hayotda qiynalyapmiz?
Bilimsizligimiz, zamonaviy ilmlarni egallashdan ortda qolganimiz, bor diqqat-e’tiborimizni mayda-chuyda maishiy muammolarga qaratganimiz uchun emasmi? Inson tabiatida tabiiy ehtiyoj bor, qorin to‘ydirish, kun o‘tkazish kerak. Lekin yana bir haqiqat ham borki odam faqat kun o‘tkazish uchun yashamaydi, u rivojlanib borishi, o‘sishi kerak. Ana shunda ertangi kuni bugungidan yaxshiroq bo‘ladi.
Hayot maktabida odamlar yashashga moslashgan bo‘lishi kerak. Boshi “tirikchilik” tashvishidan chiqmaydigan oilalarda Beruniylar, Ibn Sinolar, Al-Xorazmiylar yana tug‘ilishi mumkindir, ammo ularning iqtidorini ko‘ra olmasak, ularni tarbiya qilmasak, hayotimizda bundan keyin ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Bularning barchasi avvalo maktab ta’limiga bog‘liq.
O‘tgan asr 90-yillarning boshida Rossiyada shunday vaziyat bo‘lgandi. Siyosiy tizim o‘zgargan, katta mamlakat parchalangan, maktablarning saviyasi butunlay tushib ketgan davrlar. O‘shanda oliy ta’lim muassasalariga o‘z ichki imkoniyatlaridan foydalanib maktablar bilan hamkorlik qilishi topshirig‘i berilgan edi. Har bir institut yoki universitet qaysi yo‘nalishlarda rivojlanayotgan bo‘lsa, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tumanlarda maktablar tashkil qilishi yoki maktablar bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kerak edi. Shu yo‘sinda maktablarda fanlar assotsiatsiyalari tashkil etila boshlandi.
Moskva viloyatida bir yarim mingtaga yaqin maktablar bo‘lsa, maktablarda o‘qitiladigan jami 18 fan bo‘yicha asssotsiatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Universitetlar, institutlar professor-o‘qituvchilari maktab o‘qituvchilari uchun master-klasslar tashkil etardi, yaxshi tashabbuslar ommalashtirilar, maktablar orasida ijodiy raqobat muhiti shakllandi. Fanlarni o‘zlashtirish, muvaffaqiyatlar borasida musobaqalashish boshlandi. Maktablar jonlandi. Bu tashabbus 3-4 yildayoq o‘z samarasini berdi. Maktab o‘quvchilari halqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘la boshladi, oliy ma’lumot olishga intiluvchilar ko‘paydi.
Ayni kunda Rossiya xalq ta’limi tizimi bo‘yicha dunyodagi kuchli o‘ntalik mamlakatlari safida. O‘sha paytda ular maktab ta’limi borasida eng ilg‘or mamlakatlar – Singapur va Finlyandiya xalq ta’limi tajribasini o‘rgangandi. Qizig‘i, ulardagi ta’lim tizimi rossiyaliklarga ma’lum bo‘lgan an’anaviy usullarni o‘zlariga moslashtirib olganlari bo‘lib chiqdi. Aytish mumkinki, har bir yangilik ba’zida unutilgan eskilik bo‘lib chiqishi mumkin.
Biz albatta, bu tajribani aynan o‘zlashtirmaymiz. Mamlakatimiz ta’lim tizimining hech qaysi mamlakatnikiga mutlaqo o‘xshamaydigan o‘ziga xosliklari, muammolari va yutuqlari bor. Jahon tajribasida ko‘p bor muvaffaqiyatlar keltirgan bu usulning albatta o‘zimizga mos modelini yaratishimiz lozim. Bunda barcha o‘ziga xosliklar e’tiborga olingan va tizim ishlab chiqilgan.
Bizning o‘z maktablarimiz bo‘ladi
Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi ko‘p jihatdan oliy ta’lim muassasalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu o‘rinda eng asosiy urg‘u pedagogika va psixologiya yo‘nalishlarida mutaxassis tayyorlaydigan institutlar va universitetlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Chunki ular maktab tizimiga eng yaqin mutaxassislardir. Misol uchun, Texnika universiteti mutaxassisi pedagog bo‘lmasdan turib, maktab ta’limida ishtirok etolmasligi, aniqrog‘i 45 minutlik darsni qanday tashkil etishni, (dars tuzilmasini) bilmasligi mumkin. Maktabdagi darslarda u aytgan yuksak bilimlarni o‘quvchilarning miyasi qabul qilishga qodir emasligini u tushunmaydi. Ishni dastlabki bosqichdan boshlash kerakligini bilmaydi. Demak, aytish mumkinki, pedogogika, psixologiyadan xabardor bo‘lmagan kishilar uchun ishni tashkil qilish juda qiyin va murakkab.
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti ayni kunda Samarqand viloyatidagi 150 ta maktab bilan hamkorlik qilmoqda. Bir oy davomida viloyatning o‘nlab maktablari hayoti bilan yaqindan tanishdik. Pastdarg‘om, Paxtachi, Narpay va Samarqand tumanlari maktablarida bo‘lganimizda, bir narsaga amin bo‘ldikki, ular turli hududlarda joylashgan bo‘lishiga qaramasdan, muammolari va tashvishlari bir xil. Ular orasida na’munali maktablar ham bor – bitiruvchilari OTMlarga kirgan, o‘quvchilari olimpiadalar g‘olibligini qo‘lga kiritgan, turli tanlovlarda muvaffaqiyat qozongan. Shu bilan birga, yillar davomida birorta bitiruvchisi o‘qishga kirolmagan, ro‘yxatlarda bo‘lmagan, hujjat ishlari mutlaqo yuritilmaydigan maktablar ham borligini ta’kidlash lozim.
Institutimiz qoshida bugun Fanlar uyushmasi tashkil etildi. Uyushmada maktablarda o‘qitiladigan 9 ta fan (ona tili va adabiyoti, matematika, informatika, kimyo, biologiya, tarix, chet tili, fizika) o‘qituvchilari muntazam o‘qitib boriladi. Seminar treninglar, mahorat darslari, tajribalar almashinuv va malaka oshirish mashg‘ulotlari tarzida tashkil etiladigan darslarda maktab o‘qituvchilariga yangi bilimlar o‘rgatiladi. Ular darslarda o‘z hamkasblari bilan tajriba almashadi, fikrlashadi, dars o‘tishning zamonaviy usullarini o‘rganadi.
Seminar-treninglarda ishtirok etib, shu narsaga amin bo‘ldimki, o‘qituvchilar bu loyihaga katta umid bilan qarayapti. Loyihaning maqsadini hijjalab tushuntirishga hojat qolmadi, ular birpasda mohiyatni anglab oldi. Hatto kimyo va biologiya fanlaridan mutaxassis bo‘lganim uchun, bir necha dars-mashg‘ulotlarini o‘zim o‘tib berishimni iltimos ham qilishdi. Nega rozi bo‘lmasligim kerak? O‘tdim.
Har bir o‘qituvchining yaxshi ko‘rgan mavzusi bo‘ladi, u ana shu mavzuni mazza qilib o‘quvchilariga o‘rgatadi. Ba’zi mavzularni esa yaxshi tushunmasligi, o‘zidan qoniqmasligi mumkin. Shuning uchun darsni ham yuzaki o‘tadi. Treninglarda u hamkasblari orasidan ana shu, o‘zi tushunmaydigan mavzuni yaxshi biladigan va sevadigan hamkasbini uchratadi, undan o‘rganadi va tajriba almashadi. Ularda sog‘lom raqobat muhiti shakllanadi.
Maktab o‘qituvchilarida bilimlar yetarliligi ko‘rinib turibdi. Ana shu bilimni o‘quvchiga yetkaza bilishni, o‘quvchilarni darslarga qanday jalb qilishni, ularning orasidan kimning nimaga qobiliyati, iqtidori borligini aniqlab, ular bilan yanada chuqurroq ishlashni o‘qituvchiga eslata olsak yoki o‘rgata olsak, maqsadga ancha yaqinlashgan bo‘lardik. Fanlar uyushmasining asosiy vazifasi ham shundan iborat.
Demak, ishlarni shunchaki “qog‘ozda”, “ura-ura”chilik asosida bajarish bilan ish bitmaydi. Maktab ta’limi borasida katta islohotlarni amalga oshirishga kirishdik. Yana bir narsani unutmaslik kerakki, oliy ta’limga yoshlar aynan maktab ostonasidan keladi. Bu esa, bugungi hamkorligimiz albatta yaqin kelajakda o‘z mevasini berishiga umid uyg‘otadi.
Maktablarimizda zamonaviy bilimlarni o‘qitishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani ham achinarli hol. Bu balki, maktab ma’muriyati bilan emas, yuqoriroq doiralarda hal qilinishi lozim bo‘lgan muammodir. Lekin o‘qituvchi internet aloqasisiz, kompyutersiz darsga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rolmaydi. Darslarda bu vositalardan foydalanmasdan turib, yaxshi natijalarni qo‘lga kiritish mushkul.
Maktab darsliklari ancha eskirib qolgan
Bu ham tizimdagi eng katta muammo. Ularni yangilash uchun katta mablag‘, vaqt talab etiladi. Bu davr mobaynida esa o‘qituvchilar elektron kutubxona imkoniyatlaridan foydalanishlari uchun sharoit yaratish kerak. Maktab internet tizimiga ulanmagan bo‘lsa, ular bu imkoniyatdan ham foydalana olmaydi. Kompyutersiz, internetsiz va boshqa zamonaviy aloqa vositalarisiz biz o‘quvchilarga chuqur bilim bera olmaymiz, yoshlarni qiziqtira olmaymiz. O‘quvchilar qo‘llaridagi oddiy smartfonlari bilan ham bugun ko‘p ishlarni amalga oshirishga qodir. O‘qituvchilar o‘z o‘quvchilaridan ortda qolishlari esa achinarli holat. Ayni kunda bu borada yana bir yaxshi ishga qo‘l urilayotgani, ya’ni o‘quvchilar uchun elektron kundalik joriy etilib, sinf jurnallari elektron tarzda yuritilishi haqidagi xabarlar ko‘ngilga biroz taskin beradi.
Biz qaysi zamonda yashayotganimizni unutmasligimiz kerak
Xullas, yaxshi niyatlar bilan katta loyihaga qo‘l urdik. Maktabning, o‘qituvchilarning obro‘sini qaytarishimiz kerak. Maktablar ilgarilari tom ma’nodagi ziyo, ma’rifat maskani bo‘lgan. Dunyoning barcha muammolari, yangiliklari avvalo maktab miqyosida o‘qituvchilar tomonidan muhokama qilingan, ularning talqini xalqqa yetkazilgan, o‘qituvchilar esa jamiyatning eng ilg‘or qatlami, nufuzli, e’tiborli kishilari bo‘lgan. Aslida ham shunday, bu kasb egalari hurmatga loyiq kishilardir. Ular o‘zlaridagi bor bilimlarini shogirdlariga berib, millatning kelajagini, kelgusi hayotini ta’minlaydilar.
Biz o‘qituvchiga imkon beraylik, hech bo‘lmaganda uslubiy tomondan. Bu bilimlar unga zamonga moslashishga yordam beradi.
Xudoynazar YUNUSOV,
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori,
biologiya fanlari doktori, professor
O‘zA.