Tanqidiy fikrlash qanday omillarga bog‘liq?
Namangan shahridagi Prezident maktabida umumta’lim maktablarining matematika va ingliz tili fanlari o‘qituvchilari ishtirokida “O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni loyiha ishlari orqali shakllantirish” mavzuida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi hamkorligida tashkil etilgan seminar ishtirokchilari Prezident maktabi o‘quvchilari tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlar, yaratilgan innovatsion ishlanmalar, ijodiy ishlar va milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi bilan tanishtirildi.

Tadbir debochasida viloyat shahar va tumanlardagi maktablarning matematika va ingliz tili fanlari o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan mazkur trening mashg‘ulotlarining ta’lim sifati hamda samaradorligini oshirishdagi roli xususida batafsil tushuncha berildi.
— Ikki kunlik mashg‘ulotlar matematika va ingliz tili fani o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan kaskad usulida olib borildi, – deydi Chortoq tumani ixtisoslashtirilgan maktabining oliy toifali o‘qituvchisi, trener Baxtiyor Umrzoqov.

— Guruhlarga bo‘lingan ishtirokchilarga mashg‘ulotlar o‘tishdan avval poytaxtimizda malaka oshirib, tegishli sertifikatga ega bo‘ldik. Mavzu yuzasidan qiziqarli ma’ruzalar tanlanib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Masalan, matematika fani o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan treningda mazkur fan bo‘yicha darslarida o‘quvchilarning individual va jamoaviy ko‘p bosqichli faoliyatini amalga oshirish qobiliyatini shakllantiradigan faol o‘qitishga asoslangan loyiha ishi bajarildi. Loyihani bajarish orqali “Proporsiya” mavzusini o‘rganish, yangi mavzuni an’anaviy usulda emas, balki berilgan muammoni yechish orqali anglashga e’tibor qaratildi. Mashg‘ulotlar chog‘ida hamkasblarimiz uchun ijodiy ishlar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Umuman olganda seminar-treningda viloyatdagi umumta’lim maktablarining 200 nafar matematika va ingliz tili fani o‘qituvchisi ishtirok etdi, ular berilgan mavzuni to‘liq o‘zlashtirib olgach, o‘z hududlaridagi maktablarda hamkasblari uchun xuddi shunday treninglar tashkil etadi. Buning natijasida har ikki fan bo‘yicha jami 2 ming 500 dan ziyod o‘qituvchilarning kasbiy ko‘nikmalari shakllantiriladi.

— Mazkur mashg‘ulotlar o‘qituvchilarga mavzularni fanlararo bog‘lanish, aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishda yangicha yondashuvlarni qo‘llashga undaydi. Loyiha ishlari bizning sohada yangicha metod bo‘lib, ta’lim sifatini oshirish, fanlarga o‘quvchilarni qiziqtirish, mavzularni hayotimiz bilan uyg‘unlashgan holda olib borishmizda muhim o‘rin tutadi, – deydi Mingbuloq tumanining Gurtepa qishlog‘idagi 6-sonli umumta’lim maktabi matematika fani o‘qituvchisi Zarnigor Hakimjonova. – Bu o‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni shakllantirish, ularning individual va jamoaviy qobiliyatini oshirib, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga katta yordam beradi. Shu o‘rinda, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taklifimiz shuki, bitta sinfda bugungi kunda o‘rtacha 30 o‘quvchi bo‘lsa, ularga 45 daqiqalik bir soat dars mashg‘uloti mavzuini to‘laqonli yetkazish qiyin kechadi, ayni shuning uchun matematika dars mashg‘ulotlarini sinfni ikkita guruhga bo‘lingan holda tashkillashtirish zarur.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilarning trenerlik faoliyatiga tayyorgarlik darajasini aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkaziladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA